“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasiga start berildi
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining joriy yilgi mavsumi ko‘tarinki ruhda boshlandi. 15 yildan buyon tashkil etilayotgan mazkur bellashuvning ochilish marosimida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari mas’ullari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda qator hamkor vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda saf tortib turgan o‘g‘il-qizlarga omad va muvaffaqiyatlar tilab, musobaqaga rasman start berildi.
Bellashuvning dastlabki shartida jamoalarning safda yurish hamda qo‘shiq ijro etish bo‘yicha tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi. Keyingi bosqichda esa maxsus harbiy liboslar, albom, vimpel va Kalashnikov avtomati maketi ko‘rigi tashkil etildi. Unda jamoa sardorlari o‘zlarining notiqlik mahoratini namoyon etib, tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-29511]
Musobaqa davomida ishtirokchilar bilimlar sinovi, AKM avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, qisqa hamda uzoq masofaga yugurish, turnikda tortilish, shuningdek kompyuterlashtirilgan trenajyorda o‘q otish kabi shartlarda ham bellashadi.
Kamola YUSUPOVA, O‘zA