Yosh bokschilarimizning g‘alabalari
Boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining yetti nafar a’zosi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining yarim finaliga chiqdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining yetti nafar a’zosi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining yarim finaliga chiqdi.Sportchilarimizdan Halimbek O‘tegenov vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi chorak final bahsida AQSh terma jamoasi a’zosi Enjel Martinesni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, vazni 57 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida Bilolbek Mirzarahimov belaruslik Artur Tuniyevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
63 kilogramm vazn toifasidagi bokschilar bellashuvida qatnashayotgan Temur Merjanov chorak finalda shotlandiyalik Tayler Jolli ustidan g‘alaba qozondi. Vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Dilshod Ro‘zmetov turkiyalik Bulutkan Sahinni mag‘lub etdi.
Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Yahyoxon Saidxonov latviyalik Aleksejs Aboltinsni, 75 kilogramm vazn toifasida Qosimxon Qosimov avstraliyalik Filipp Kovaksni mag‘lubiyatga uchratdi. Vazni 80 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarda yana bir hamyurtimiz Profsor Rorimsha gruziyalik Artyom Iordanyanni yengdi.
Jahon chempionatining yarim finaliga yigirma davlatdan 52 nafar bokschi chiqqan bo‘lsa, shundan yetti nafari O‘zbekiston terma jamoasi a’zosidir. Mezbonlardan sakkiz bokschi, AQSh terma jamoasining olti a’zosi, Qozog‘iston terma jamoasidan besh sportchi musobaqani davom ettirmoqda. Irlandiya, Kuba va Turkiyadan uch nafar, Ruminiya, Ukraina, Ozarbayjon va Qirg‘izistondan ikki nafar, yana to‘qqiz davlat terma jamoalaridan bir nafardan bokschi yarim finalda ishtirok etadi.