Yosh bokschilarimiz g‘alabasi
Ozarbayjonda o‘tkazilgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Ozarbayjonda o‘tkazilgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Otabek Xolmatovga teng keladigan topilmadi. Iqtidorli sportchimiz yarim finalda mezbonlar vakili Elvin Safarovni texnik nokautga uchratdi, hal qiluvchi bahsda qozog‘istonlik Vasiliy Samchukni mag‘lub etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
69 kilogrammgacha vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Ulug‘bek Sobirov yarim finalda qozog‘istonlik Sadriddin Ahmedovni, finalda ozarbayjonlik Parviz Guliyevni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Shohruz Rahimov rossiyalik Rasul Xidirov va qozog‘istonlik Ontalap Rahmonovni yengib, birinchi o‘rinni egalladi. O‘z vazn toifasida Shunqor Abdurasulov kumush, Rahmatulla Qo‘ziyev va Jamshid Abdullayev bronza medal bilan taqdirlandi.
Turnirda 3 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.