"Yosh avlodni san’atga oshufta etib tarbiyalasak, ularning umri mazmunli bo‘ladi" – Tohir Saidov
Aktyor fikri
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga tashrif buyurib, kinematografiya sohasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot davomida milliy kino san’atini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar sarhisob qilinib, sohaning istiqboldagi ustuvor vazifalari va kelgusi rejalari atroflicha muhokama qilindi.
– Kino – insonni tartib-intizomga chorlaydigan, uning dunyoqarashini shakllantirib, o‘tmishi va buguniga ko‘zgu tutadigan qudratli san’atdir, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Tohir Saidov. – Bugun yurtimizda teatr va kino sohasi erishayotgan yutuqlar barcha qatori meni ham chin dildan quvontiradi. Bundan bir necha yil oldin davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Tirik tarix” ijodiy loyihasiga start berilgan edi. Mana shu qisqa vaqt ichida qariyb ellikta film ustida ish boshlandi. Ularning o‘n to‘qqiztasi suratga olinib, allaqachon tomoshabinlarga taqdim etildi, hatto nufuzli xalqaro kinofestivallarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishga ham ulgurdi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalarimiz kengaygani kino san’ati rivojiga ham kuchli turtki berdi. Xususan, turkmanistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda “Maxtumquli”, tojik kinoijodkorlari bilan birgalikda esa “Navoiy va Jomiy” badiiy filmlari yaratildi. O‘zimiz “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy filmini suratga oldik. Qolaversa, Rossiya, Belarus va Turkiya kabi davlatlarning kino ustalari bilan tajriba almashib, turli mavzularda qo‘shma loyihalarni amalga oshiryapmiz va buning samarasi yaxshi bo‘lmoqda.
Bolalar kontentini rivojlantirish borasidagi qadamlarimiz ham yuqori natija bermoqda. Qisqa muddatda o‘n beshga yaqin bolalar filmini ishlab chiqarish boshlanib, ularning ilk namunalari ekranlarga chiqdi. Farzandlarimizni yoshligidanoq kino ko‘rish madaniyatiga o‘rgatib, ularni san’atga oshufta ruhda tarbiyalasak, ma’nan boy va mazmunli umr kechiradi. Bu esa tanlagan yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanidan dalolatdir.
Prezidentimizning biz, kinoijodkorlar bilan uchrashib, dildan muloqot qilganlari barchamizga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Zero, davlatimiz rahbari qaysi sohaga e’tibor qaratmasin, qaysi maskanga qadam qo‘ymasin, o‘sha joyda yuksalish va tub o‘zgarishlar boshlanadi, ko‘plab mushkullar oson bo‘lib, yangi xayrli ishlarga zamin yaratiladi. Bizga ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor va alohida ajratilgan vaqt, to‘g‘risini aytsam, butun ijodiy jamoamiz uchun eng katta motivatsiya va yangi kuch-quvvat manbai bo‘ldi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA