Yosh atletlar Buxoroda saralanmoqda
Buxoro shahridagi «Sitora» sport majmuasida yengil atletika bo‘yicha U14 va U16 yosh toifalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda.
U16 o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatning kechki dasturida 4x100 metrga estafeta, balandlikka sakrash hamda 1500 metrga yugurish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
4x100 metrga estafetada Xorazm viloyati jamoasi 46,11 soniya natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Farg‘ona viloyati jamoasi 47,24 soniya bilan kumush, Qashqadaryo viloyati jamoasm 47,76 soniya bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.
U16 o‘smir qizlar o‘rtasida balandlikka sakrash bahsida Diyora Ubaydullayeva 1,55 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Mubinaxon Hamidullaxonova va Alina Kagirova kuchli uchlikdan joy oldi. O‘smirlar o‘rtasidagi mazkur dasturda Temur Sulaymonov, Shohjahon Ne’matov va Demid Bogdanov g‘olib va sovrindorlar qatorida qayd etildi.

Shuningdek, 1500 metrga yugurishda Daler Ne’matullayev, qizlar o‘rtasida esa Ruxsoraxon Ikromadinova mamlakat chempioniga aylandi. U14 yosh toifasida qizlar o‘rtasida 1000 metrga yugurishda Nozima Abdisamatova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Asadbek To‘layev mamlakat chempioniga aylandi.
Bugun, 7-oktabr kungi dasturdan 3000 metrga sportcha yurish, 110 metrga to‘siqlar osha yugurish, 200 metrga yugurish, disk uloqtirish, uzunlikka va balandlikka sakrash, yadro uloqtirish kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan.
Shuningdek, musobaqa dasturidan o‘smirlar o‘rtasida sakkizkurash, o‘smir qizlar o‘rtasida yettikurash hamda o‘g‘il bolalar o‘rtasida uchkurash bahslari ham joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA