Yong‘in xavfsizligi barcha uchun...
Urganchda “Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Davlat yong‘in nazorati organining mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishda qonuniylikni ta’minlash xamda tekshiruv o‘tkazishda yuzaga kelayotgan muammolar” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining xodimi, Xorazm viloyati sudi, viloyat Adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimidagi mansabdor va ma’sul xodimlar ishtirok etdi.
Mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

– Mamlakatimizda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha boy tajriba to‘plangan, – deydi Xorazm viloyati FVB bosh inspektori katta leytenant Mirzojon Qurbanov. – Ushbu yo‘nalishdagi tuzilmalar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilib, soha qonunchiligi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilmoqda. “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, yong‘in xavfsizligi xizmati hamda davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va xo‘jaliklar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining shu yo‘nalishdagi mas’uliyati kuchaytirildi. Bu amalda o‘zini to‘la oqlamoqda. Albatta, tadbirkor halqning ishonchi, tayanchidir. Kelajakda ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish emas, balki ularga yaqin ko‘makchi bo‘lishimiz lozim.
Tadbirda davlat yong‘in nazorati organi mansabdor shaxslari tomonidan amaliyotda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar bo‘yicha mas’ul organlar vakillariga savollar berildi.
Mutasaddilar yuzaga kelayotgan yoki duch kelish mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarni hayotiy misollar orqali tushuntirib, qonun hujjatlariga mos ravishda faoliyat olib borish kerakligini tushuntirdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA