Yomg‘ir suvidan samarali foydalanish loyihasi amalga oshiriladi
Jizzax viloyatining Baxmal va Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanlarida yomg‘ir suvini yig‘ish, saqlash va tomorqalarni suv tejovchi texnologiyalar asosida sug‘orishga qaratilgan ijtimoiy loyiha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot” uyushmasi o‘rtasida “Qo‘shrabot va Baxmal tumanlarida yomg‘ir suvlarini yig‘ish, saqlash va sug‘orishda tejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali aholining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Loyiha uchun 600 million so‘m ajratilgan bo‘lib, uni amalga oshirish muddati 7 oy etib belgilangan.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur tashabbus 2026-yil 19-avgustdagi Parlament komissiyasi qarori bilan g‘olib deb topilgan. Suv xo‘jaligi vazirligi davlat buyurtmachisi, “Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot” uyushmasi esa loyiha ijrochisi hisoblanadi.

Loyiha hududlardagi mavsumiy suv tanqisligiga yechim topishga qaratilgan. Baxmal tumani Oyqor mahallasida tomorqalar Tangatopdisoy, Qo‘shrabot tumani Qiyqim mahallasida esa Oqtepasoy orqali suv bilan ta’minlanadi. Yoz oylarida mazkur manbalarda suv miqdori kamayadi.
Ayni paytda o‘rtacha ko‘p yillik yog‘ingarchilik Baxmalda 441 millimetr, Qo‘shrabotda 389 millimetrni tashkil etadi. Loyiha doirasida yog‘in suvlarini yig‘ib, suv tanqis davrlarda undan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Dastlab har ikki mahalladan 8 tadan, jami 16 ta ehtiyojmand oila tanlanadi. Ularning xonadonlariga yomg‘ir suvini yig‘ish va saqlash moslamalari hamda suv tejovchi sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tomi 100 kvadrat metr bo‘lgan xonadonda bir yilda Baxmalda 44 tonnagacha, Qo‘shrabotda 38 tonnagacha yomg‘ir suvini yig‘ish mumkin. Bu suv 10 sotix tomorqada mevali daraxtlarni tomchilatib sug‘orish ehtiyojining 45-50 foizini, sabzavotlarning 30-35 foizini, yomg‘irlatib sug‘orishda esa 25-30 foizini qoplashi mumkin.

Har bir xonadonda o‘rtacha 40 tonnadan suv jamlansa, 16 ta xonadon bo‘yicha yiliga 640 tonnagacha yomg‘ir suvidan foydalanish imkoni paydo bo‘ladi. Bu suv manbalariga tushadigan bosimni kamaytirish va tomorqalardan unumli foydalanishga xizmat qiladi.
Tashabbus 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-sonli farmonning 208-bandida belgilangan suv resurslaridan tejamkor foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini targ‘ib qilish va tajriba maydonchalarini tashkil etish vazifalariga hamohang.
Shu maqsadda Baxmal tumani Oyqor mahallasida loyihaga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Unda “Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot” uyushmasi vakillari, suv xo‘jaligi mutaxassislari, “Bog‘bon” invitro laboratoriyasi vakillari hamda mahalla aholisi ishtirok etdi.
Seminarda yomg‘ir suvini yig‘ish, saqlash va zarur paytda tomorqalarni sug‘orishda qo‘llash usullari tushuntirildi. Loyiha doirasida ushbu yo‘nalishda amaliy tajriba maydonchalari tashkil etilishi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA