Yo‘llar yangi marralar sari yetaklaydi
Olmaliq–Piskent yo‘nalishida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Jahon standartlariga mos, zamonaviy va kengaytirilgan yo‘l o‘tkazgichning barpo etilishi temir yo‘l va avtomobil transporti harakati imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur inshoot “Yoshlik-I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasining 1-bosqichi 2-navbati doirasida, mavjud Mis eritish zavodi hududida yangi metallurgiya majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish maqsadida rekonstruksiya qilinmoqda.
Loyihaga muvofiq, “Sharhiya” kareridagi 191+45 PK yo‘nalishi bo‘yicha ikki oraliqli temir-beton yo‘l o‘tkazgichi qurilmoqda.
Avvalgi yo‘l o‘tkazgich bir izli temir yo‘ldan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi inshootda ikki izli temir yo‘l barpo etilmoqda. Bu temir yo‘l orqali yuk tashish va harakatlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirish, ish hajmini kengaytirish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.

Inshootning avtomobil yo‘li qismi ham kengaytirilmoqda. Natijada har bir yo‘nalishda bir vaqtning o‘zida ikkitadan avtomobil harakatlanishi uchun zarur sharoit yaratiladi. Ob’ektdagi qurilish ishlari pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilmoqda.
Muhimi, mazkur yirik infratuzilma ob’ektining barpo etilishi temir yo‘l va avtomobil transporti harakati samaradorligini oshirish, yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, hudud transport infratuzilmasining zamonaviy talablar asosida rivojlanishiga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA