“Yo‘l xaritalari”ning ijrosida kamchiliklar bor
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi.
Unda Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Turkiya Respublikasi va Yaponiya Respublikasiga oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritalari”ning savdo-iqtisodiy va investitsiyaga oid qismi ijro etilishi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Turkiya bilan birgalikda 608,3 million dollarlik 49 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgani qayd etildi. bugungi kunda Turkiya kompaniyalari investitsiyalarining qariyb yarmi muvaffaqiyatli o‘zlashtirildi. Bu esa mamlakatimizning to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Yaponiya bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi” asosida 4 milliard 393 million AQSH dollariga teng 40 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Ushbu investitsiyalarning jalb qilinishi mamlakatimiz energetika sohasini keng ko‘lamli modernizatsiyalashni boshlash imkonini berdi. Bu yangi elektr stansiyalar qurilishini, shuningdek, yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishini nazarda tutadi.
Majlisda “Yo‘l xaritalari”ning ijrosi tanqidiy tahlil etilib, investitsiya loyihalari va eksport shartnomalarini amalga oshirish uchun mas’ul idoralar faoliyatiga baho berildi.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, “O‘ztekstilsanoat” uyushmasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi va Surxondaryo viloyati hokimligining investitsiya loyihalari bajarilmagan yoki ijro muddati bo‘yicha jiddiy tarzda kechiktirib bajarilmoqda.

Yaponiya bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”dagi Energetika vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, “O‘ztekstilsanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Milliy bankining loyihalari amalga oshirilmagan yoki muddatlar bo‘yicha kechiktirilmoqda.
Shu bilan birga, har bir loyihani amalga oshirish uchun individual muammolar bilan bir qatorda, “Yo‘l xaritalari”ning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolayotgani, shuningdek, hozirgi kunda investitsiya loyihalari va eksport shartnomalari bajarilishini nazorat qilishning puxta ishlangan tizimi mavjud emasligi ta’kidlandi.
Masalan, o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan hududdagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to‘g‘risida tegishli hokim o‘rinbosarining axborotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. Qolaversa, vazirliklar va idoralar u yoki bu mintaqada birinchi o‘rinda rivojlantirish lozim bo‘lgan ustuvor tarmoqlar va xizmatlar to‘g‘risida aniq tasavvurga ega emas.
Bundan tashqari, Senat a’zolari tashqi savdo bozorlarida marketing tadqiqotlarining sifatsizligi bilan bog‘liq muammolar borligini, bu esa tuzilgan eksport shartnomalarining to‘liq bajarilmasligiga sabab bo‘layotganligini qayd etdilar.
Yuqori darajadagi sansalorlik saqlanib qolayotganligi loyiha hujjatlari bosqichma-bosqich va o‘z vaqtida ishlab chiqilishini yetarli darajada ta’minlamaslikda namoyon bo‘lmoqda. Bu moliyalashtirishning, mablag‘lar o‘zlashtirilishining va natijada investitsiya loyihasi doirasidagi korxonani ishga tushirishning kechikishiga olib kelmoqda.
Majlis yakuni bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA