Yo‘l-transport hodisasidan o‘zi asrasin
Andijon viloyatida joriy yil birinchi choragida 125 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.
Buning natijasida 23 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan, 112 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Ming afsuski, vafot etgan va tan jarohati olganlar orasida bolalarning borligi achinarlidir. Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari tahlil etilganda sodir bo‘lgan 27 ta yo‘l-transport hodisasining barchasida piyodani urib yuborish holati qayd etilgan. Buning oqibatida esa 2 nafar 7 yoshgacha, 3 nafar 16 yoshgacha bo‘lgan bola vafot etgan, turli yoshlardagi 23 nafar bola qaysidir darajada tan jarohati olgan. Ushbu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 4 apreldagi "Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori bejiz qabul qilinmaganligini ko‘rsatadi.
– Viloyatda yo‘l-transport hodisalarining yuzaga kelishining oldini olish, yo‘llarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, piyoda va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Diyorbek Abdurazzoqov.
Shunga qaramasdan yo‘l-transport hodisalarining kamaymayotganligi nafaqat bizni, balki keng jamoatchilikni tashvishga soladi. Ana shundan kelib chiqib, bu boradagi tushuntirish, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi, ayniqsa, Andijon shahridagi serqatnov yo‘llar chetlariga, yo‘l-transport hodisalari nisbatan ko‘p sodir etilayotgan joylarga “tezlikni oshirmaslik”, “hushyor va ogoh bo‘lish” lozimligini ko‘rsatuvchi panno va plakatlar joylashtirildi. Televideniye, radiolarda videorolik, ko‘rsatuv va eshittirishlar, matbuot nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda maqola, amal qilinishi lozim bo‘lgan tavsiya va maslahatlar muntazam berib borilmoqda.
Bundan tashqari, hokimliklar, yo‘l qurilishi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda transport qatnovi o‘ta yuqori va doimiy tirbandliklar yuzaga kelayotgan chorrahalarga qo‘shimcha yo‘llar ochish bo‘yicha ishlar olib borildi. Keyingi bir yil ichida yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislari taklifi bilan 4 ta ana shunday chorraha va o‘tish joylarida qo‘shimcha o‘tish yo‘llari barpo etildi. Natijada tirbandliklar birmuncha qisqardi. Bu boradagi ishlar yana davom etmoqda.
Korxona va tashkilotlar, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtouyushmalar haydovchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha suhbat va muloqotlar doimiy o‘tkazib borilmoqda. Ayni kunda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining barcha xodimlari viloyatdagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga biriktirilgan bo‘lib, haftaning muayyan kunida bolalar, o‘quvchi yoshlarning yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilimlarini boyitish, yo‘l qoidalariga amal qilishi yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Olib borilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishining oldini olishga qaratilgan. Eng muhimi, fuqarolar, ayniqsa, bolalar ana shunday hodisalar ishtirokchisi va qurboniga aylanib qolmasin.
[gallery-6887]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA