Yo‘l qurilishi: sifat va samaradorlik
Xalqimizda “Yo‘l qurish – savob” degan gap bor. Kichik bir yo‘l yoki ko‘prik bunyod etilishi tufayli qanchadan-qancha odamlar mushkuli osonlashib, manzili yaqinlashadi.
Farg‘ona viloyatida yo‘l qurilishi sohasida samarali faoliyat olib borayotgan korxonalar safi tobora kengaymoqda. “Industry and buildbing goods” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu borada yaxshi tajribaga ega.

O‘tgan davrda Quva, Farg‘ona tumani, Quvasoy shahar yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari bilan rasmiylashtirilgan pudrat shartnomalari asosida Farg‘ona shahrida 18,96 kilometr, Quva tumanida 28,4 kilometr ichki avtomobil yo‘llarini asfaltlashtirish hamda shag‘allashtirish ishlarini sifatli bajardi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 4R-138 “Shahrixon sh-Asaka sh-Marhamat sh-Qizilqiya q” avtomobil yo‘lining 26-29 kilometr qismi, Asaka tumani hududidagi 4,99 kilometr ichki avtomobil yo‘llari to‘liq ta’mirlandi.
– Hozirga qadar jamiyatimiz tomonidan 60 kilometrga yaqin yo‘llar ta’mirlanib, 24 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi, – deydi “Industry and buildbing goods” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Ergashov. – Yurtimizda yo‘l qurilishi sohasiga yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda ATB "Madad Invest Bank"ning Quvasoy filiali tomonidan moliyalashtirilgan loyiha asosida 6 milliard so‘m kredit evaziga jamiyatimizga yo‘l qurilishida ishlovchi 13 ta maxsus texnika va transportlar sotib olindi.

Bu esa sifatli yo‘l qurilishi va yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga xizmat qilmoqda. Jamiyatning mutaxassislari yo‘l qurilishi sohasidagi ilg‘or tajribalarni qunt bilan o‘rganmoqda. Joriy yilda xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlarida qatnashish maqsad qilingan. Hozirda bu borada tegishli shartnomalar tuzilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA