Yo‘l qoidasi – umr foydasi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro tumanidagi barcha haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar mahallalar kesimida qizil, sariq va yashil toifalarga ajratilgan holda tahlil qilinmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, tumanda jami 36 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, shundan 2 tasi qizil, 4 tasi sariq va 30 ta mahalla yashil mahalla hisoblanadi.

Buxoro tumanidagi qizil mahallalar toifasiga kiruvchi Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inida mazkur hududda yashovchi haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar shu mahallaning o‘zida mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va haydovchilar bilan birgalikda muhokama etildi. bugungi kunda Do‘stlik mahallasi hududida 429 ta avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib haydovchilar tomonidan birgina 2022 yilning 7 oyi davomida 278 marotaba qoidabuzarlik aniqlangan. Shulardan 7 tasi transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilardir. Ushbu haydovchilarning sodir qilgan qoidabuzarliklari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinib, oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

– Bu kabi tadbirlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad, haydovchilarni mahallada obro‘sizlantirish emas, balki bugungi kunda yurtimizda, viloyatimizda yo‘l harakati qoidalarini buzib yurgan avtomashina haydovchilarini bu yo‘ldan qaytarish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishdan iboratdir, – deydi viloyat YHXB matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrulloyev. – Tadbir davomida mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarga maxsus videorolik ham qo‘yib berildi.
Inson har bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha yoki uni his qilmaguncha tanlagan yo‘lidan qaytmaydi. Shu bois soha xodimlari tadbir davomida Vatanparvar tashkiloti Buxoro tumani o‘quv sport texnika klubi bilan o‘zaro hamkorlikda targ‘ibot avtokarvonini ham tashkil etdi. Avtokarvon tuman markazi va aholi gavjum joylarda harakatlandi, barchani hushyorlikka va sergaklikka chorladi.
Zarif Komilov, O‘zA