Yo‘l muammosi: murojaatlar ko‘p, yechimlar qanday?
Aholini qiynayotgan yo‘l muammolari bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga minglab murojaatlar kelib tushdi. Ularning qanchasi hal etildi va bu borada qanday amaliy natijalar bor?
Milliy kontent markazida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari tomonidan tashkil etilgan brifingda sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilishicha, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yanvar-sentabr oylarida jami 4 ming 404 ta murojaat kelib tushgan, bu raqam o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga kamaygan. Murojaatlar yozma, elektron va og‘zaki ravishda amalga oshirilgan. Murojaatlarning 4 ming 290 tasi jismoniy shaxslardan, 114 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. 94,8 foiz murojaatlar qanoatlantirilgan, bu ko‘rsatkich 2025-yildagiga nisbatan 23 foizga ortgan.
Murojaatlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p murojaatlar Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘mitada murojaatlar bilan ishlash tartibi joriy etilgan bo‘lib, aholiga murojaatlar yo‘llashda qulayliklar yaratish maqsadida qo‘mitaning “1393” qisqa raqamli call-markazi, 71-207-67-68, -149-raqamli “ishonch telefoni”, “Shaffof yo‘l”, elektron platformasi, “gov.uz”, elektron tizimlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual hamda Xalq qabulxonasi orqali, veb-sayt, ishonch telefoni, tashkilotlar tomonidan edo.ijro.uz tizimi orqali yuborilgan murojaatlar qabul qilinadi va to‘liq cabinetpm2.gov.uz tizimidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va o‘rganib chiqiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA