Yog‘ochli sardoba: tarix va turizm uyg‘unlashgan maskan
Sirdaryo viloyatida tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va ularning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Sardoba tumanidagi XVI asrga oid «Yog‘ochli sardoba» yodgorligi ham ana shunday noyob maskanlardan biri sifatida yangi sayyohlik yo‘nalishlaridan o‘rin olishi mumkin.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Pokiza Ahmedjonova hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Dilobar Kattabekovalar Sardoba tumanida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalar bilan tanishishdi.
O‘rganishlar davomida «Yog‘ochli sardoba» yodgorligi, shuningdek, Otayurt mahallasidan o‘tuvchi M39 avtomobil yo‘li bo‘yida sayyohlar va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ob’ektlarning qurilish jarayoni ko‘zdan kechirildi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Yog‘ochli sardoba» Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580-yilda qurilgan. Bir necha asrlik tarixga ega mazkur inshoot o‘sha davrda Mirzacho‘l hududidan o‘tuvchi karvonlar va yo‘lovchilar uchun muhim suv manbai vazifasini bajargan.
Sardobaning qimmati uning tarixiy ahamiyati bilangina cheklanmaydi. Gumbazsimon shakldagi inshootning ichki diametri 15 metr, balandligi 12 metrni tashkil etadi. Yer sathidan ikki metr balandlikda joylashgan tuynuklar, havo aylanishini ta’minlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetrik me’moriy yechim va yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib boruvchi devorlar o‘sha davr bunyodkorlarining muhandislik salohiyatidan dalolat beradi.

— «Yog‘ochli sardoba» nafaqat tarixiy yodgorlik, balki o‘z davri muhandislik tafakkurining o‘ziga xos namunasidir. Unda suv inshootlarini barpo etishda qo‘llanilgan o‘ziga xos me’moriy yechimlarni ko‘rish mumkin. Sardobaning ichki tuzilishi va havo almashinuvini ta’minlash tizimi ham uning funksional jihatdan puxta loyihalashtirilganidan dalolat beradi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimining maslahatchisi G‘aybulla Yusupov.
Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtdan ishlangan zinapoyalardan tushiladi. Kirish yo‘lagi ustidan xizmatchilar uchun mo‘ljallangan xonalarga olib chiquvchi aylanma zinapoya ham barpo etilgan. Bu kabi me’moriy yechimlar yodgorlikni milliy me’morchilik va qadimiy suv inshootlari tarixini o‘rganish uchun muhim manbaga aylantiradi.

Bugun mazkur tarixiy obidani asrab-avaylash bilan birga, uning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga ham e’tibor qaratilmoqda. «Yog‘ochli sardoba»ni ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratish va ob’ektni turistik marshrutlarga kiritish bo‘yicha rejalar belgilangan.
Shuningdek, sardoba atrofida dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish, mahalliy hunarmandchilikni rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar, ayniqsa, yoshlarni jalb etish orqali yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Ayniqsa, «Toshkent — Samarqand — Buxoro» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanuvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun «Yog‘ochli sardoba»ni zamonaviy infratuzilmaga ega turistik maskanga aylantirish Sardoba tumanining sayyohlik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
— O‘rganishlar davomida aholi va tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini shakllantirish, tarixiy ob’ektning o‘ziga xos qiyofasini saqlab qolish hamda hududning turistik salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, — deydi G‘aybulla Yusupov.

Mas’ullarga loyihalarni belgilangan talablar asosida sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, hududni obodonlashtirish, tarixiy ob’ektning me’moriy qiyofasini asrab qolish hamda sayyohlar uchun zarur infratuzilmani shakllantirish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri