Yo‘llanmalar yana bittaga ko‘paydi
Qozog‘istonda pauerlifting bo‘yicha jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo ochiq chempionatida o‘zbekistonlik paralimpiyachilar munosib ishtirok etdi.
Qozog‘istonda pauerlifting bo‘yicha jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo ochiq chempionatida o‘zbekistonlik paralimpiyachilar munosib ishtirok etdi.O‘ttizdan ziyod davlatdan uch yuz nafarga yaqin sportchi qatnashgan musobaqaning vazni 45 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi bahslarida hamyurtimiz Roza Qo‘ziyeva bronza medal va 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
O‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda yosh paralimpiyachilarimizdan Farhod Umrzoqov vazni 72 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida, Hamid Rajabov esa vazni 54 kilogrammgacha bo‘lgan pauerliftingchilar o‘rtasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Ular qayd etgan natijalar Osiyoning yangi rekordi sifatida e’tirof etildi.
O‘z vazn toifasida Doston Abdusattorov kumush, Qudratoy Toshpo‘latova bronza medal bilan taqdirlandi.
Ayni paytda 2016-yilgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilarimiz soni yigirma ikki nafarga yetdi.