Yirik loyihalar ijrosi nazoratda
Buxoro shahri va tumani hududlarida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash hamda o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida Buxoro viloyat prokurorining o‘rinbosari I. Rasulov boshliq ishchi guruh o‘rganish ishlarini olib bordi.
“Risolt” MCHJ QK tomonidan Buxoro tumanida joylashgan “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan “piroliz texnologiyasi orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum hamda kalsiy xlorid ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasi 2024–2027 yillar davomida bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushirilishi natijasida hududda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy iqtisodiyotning sanoat salohiyati mustahkamlanishi ko‘zda tutilgan.

“Petrochem Sepehr” MCHJ QK tomonidan Buxoro tumanidagi “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan yana bir yirik strategik loyiha – “neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash orqali dizel yonilg‘isi va benzin ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasi ham 2024–2027 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning ishga tushirilishi hududda yoqilg‘i-energetika sohasidagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash hamda energetik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘rganish jarayonida ijtimoiy sohaga qaratilgan muhim investitsiya loyihalari ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 fevraldagi “Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida ‘Perinatal xizmatlarni takomillashtirish’ investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Buxoro shahridagi perinatal markazga yetkazib berilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni o‘rnatish, ularni ishga tushirish va samarali foydalanish holati bilan tanishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 maydagi qaroriga asosan Islom taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialiga yetkazib berilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni o‘rnatish va ulardan foydalanish holati ham o‘rganildi.

O‘rganishlar yakunida strategik ahamiyatga ega ushbu loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish, mavjud to‘siq va muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha tegishli tashkilot va mas’ul idoralarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri