Yirik investitsiyalar samarasi
Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy boshqaruv tizimining joriy etilishi agrar tarmoq rivojida katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yangilanishlar yangi imkoniyatlarni ishga solish va yuqori marralarni zabt etish uchun ham keng yo‘l ochyapti. Yo‘nalishning huquqiy jihatdan tartibga solinishi esa paxtachilik tarmog‘ining rivojiga xizmat qilmoqda.
“Parvoz xumo ravnaq trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2017 yilda G‘ijduvon tumanidagi umumiy yer maydoni 9,1 gektardan iborat bo‘sh turgan sobiq ip yigiruv fabrikasi investitsiya kiritish sharti bilan nol xarid qiymatida berilgan edi. Korxonaga 2018 yilda 20 million dollar imtiyozli kredit ajratildi. Buning evaziga Shvetsariya davlatining zamonaviy ip-kalava ishlab chiqarish texnologiyalari keltirib o‘rnatildi. Shuningdek, faoliyatning dastlabki davrida korxona tomonidan jami qiymati 27 million dollardan iborat investitsiya o‘zlashtirildi. 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. O‘sha paytda jamiyat tomonidan yiliga 180 milliard so‘mlik 9,1 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. 2-bosqichda 2020-2021 yillarda qiymati 155,4 milliard so‘mlik paxta tolasidan hamda kimyoviy tolalar aralashmasidan ip-kalava va tayyor mato ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish evaziga 400 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Bugun esa bu raqamlar salmog‘i yanada ortdi.
[gallery-15198]
–2018 yilda birinchi faoliyat boshlangan bo‘lsa, 2019 yilda davlat rahbarining paxta to‘qimachilik sohasida olib borilgan oqilona siyosatlari bu klasterlikni joriy qilish borasida chiqargan farmonlari evaziga bizni korxonamizda ham juda katta imkoniyatlarni berdi, – deydi “Parvoz xumo ravnaq trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nodir Umarov. – 2018-2023 yillar davomida 83 million AQSH dollarlik investitsiyalar joriy qilindi. Buning evaziga paxta xomashyosini qayta ishlashdan to tayyor trikotaj kiyim mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonigacha bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Buning evaziga bizga bugungi kunda 3 ming 747 nafar xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 2023 yilda yirik bir loyihani amalga oshirish natijasida 150 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi. Buning evaziga 2 ming 500 nafar fuqarolarimiz ish bilan ta’minlandi.
Loyihaning uchinchi bosqichida maqsadlar yanada katta olindi. Har biri 7 ming kvadrat metrli 5 qavatli bino qurib bitkazildi. Bu esa 1000 nafar ishchi o‘rni yaratilishiga asos bo‘ldi. Umumiy qiymati 200 milliard so‘mdan iborat bo‘lgan tikuvchilik kompleksi faoliyati tashkil etilishi tabiiyki ishlab chiqarish ko‘lamini ham kengaytirdi.
–Bugungi kunda korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor trikotaj kiyim mahsulotlarimiz jahon bozorlarida o‘z o‘rnini egallab, amalga oshirilgan eksport hajmi 35 million AQSH dollarini tashkil qilyapti, – deydi jamiyat rahbari Nodir Umarov. – Rejalarimiz ulkan. Ishlab chiqaradigan mahsulotimizni butun jahon bozorini egallaydigan brend darajasiga yetkazish.
Jamiyatda asosan mahalliy yoshlar va xotin-qizlar ishlaydi.
–Korxonada 2021 yildan buyon qadoqlash bo‘limi mudiri vazifasida ishlayman, – deydi korxona ishchisi Charosxon Ro‘ziyeva. – Korxonamizda ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oyliklarimiz vaqtida berilyapti.
Bugun jamiyat dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlari bilan hamkorlik qilmoqda. Yevropaning eng katta bozorlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yorlig‘i bilan yangi brenddagi mahsulotlar yetkazib berilyapti. Yangi liniyaning ishga tushirilishi esa yana qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim qildi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Buxoroda 10 ta paxta-to‘qimachilik yo‘nalishidagi klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan 5 yil davomida viloyat bo‘yicha paxta tolasini qayta ishlash darajasi 28 foizdan 76 foizga, ip-kalava ishlab chiqarish quvvati 69 ming tonnadan 112 ming tonnaga, ip-gazlama ishlab chiqarish quvvati 4,5 milliard. kv.metrga yoki 4,9 barobarga o‘sdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.