Yilning eng faol jurnalistlari taqdirlandi
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirga mamlakatimiz media tuzilmalarining vakillari, faxriy jurnalistlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadjon Xo‘jayev milliy media sohani ravnaq toptirish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi. Yurtboshimizning soha xodimlariga bayram tabrigi, bir guruh jurnalistlar, noshirlar, ijodkorlarni Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlagani buning yorqin dalilidir. Bugun jurnalistlar nainki muammoni ko‘rsatib berishi, balki uning real yechimiga oid taklif va tavsiyalarini ilgari surishi ham muhimdir.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi –O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Prezidentimizning soha vakillariga tabrigi shunchaki tabrik emas, balki samimiyati, hayotiyligi bilan har bir ijodkor uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Yangi O‘zbekiston poydevorini, Uchinchi Renessans asoslarini yaratishda ommaviy axborot vositalari xodimlari eng oldingi safda bo‘lishi lozim.
[gallery-2939]
"Yilning eng faol jurnalisti" respublika tanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, intellektual saviyasini yuksaltirish, ijodkorlarning yurtimiz hayotidagi faolligini rag‘batlantirish, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashdir.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovi mamlakat miqyosidagi ijodiy loyiha bo‘lib, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet jurnalistika sohasida tahririyatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng faol jurnalistlar aniqlanishini ta’kidladi. Bunda ijodkorning faolligi, materiallar mavzularining dolzarbligi, ijtimoiy ahamiyati, ulardagi tanqidiy-tahliliy ruhga alohida e’tibor qaratiladi. Tanlovga o‘tgan yilning 1 iyunidan joriy yilning 1 iyungacha bo‘lgan davrda matbuot, internet nashrlari, radio,televideniyeda chiqqan, uzatilgan materiallar hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ijodiy ishlarni baholashda mavzularning ijtimoiy ahamiyatiga, so‘z mas’uliyati, ifoda mahorati kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘ttizga yaqin jurnalist mazkur tanlovda g‘olib deb topildi. Ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tanlov g‘oliblaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi muharriri Ziyada Tojimuradova, "Ovozi tojik" gazetasi muxbiri Mirasror Ahrorov, "kun.uz" sayti muxbiri Tolib Rahmatov soha xodimlariga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bugun Yurtboshimiz tomonidan bizga yuksak ishonch bildirilmoqda,–dedi "Sevimli" telekanali muxbiri Manija Bahriyeva. – Bunday yuksak ishonch sabab zimmamizda ulkan mas’uliyat borligini yanada teran anglaymiz.
San’at ustalari ijrosida konsert namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA