Yilning eng faol banklari aniqlandi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Banklar assotsiatsiyasi hamkorligida aholining omonatlarini jalb qilish bo‘yicha tijorat banklari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Banklar assotsiatsiyasi hamkorligida aholining omonatlarini jalb qilish bo‘yicha tijorat banklari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda 26 tijorat bankining 854 filiali hamda joylardagi 4 ming 300 ga yaqin mini-bank va maxsus kassalar ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi F.Umarov, Markaziy bank raisi F.Mullajonov, O‘zbekiston Banklari assotsiatsiyasi raisi S.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 31-oktabrdagi «Aholining omonatlarini jalb qilish bo‘yicha respublika tijorat banklari o‘rtasida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori moliya muassasalarini yanada rivojlantirish, aholining bo‘sh pul mablag‘larini depozitlarga jalb etishga kuchli rag‘bat bag‘ishlayotganini ta’kidladi.
Aholining omonatga qo‘yilgan mablag‘lari barcha turdagi soliqlardan ozod qilingani, manbalari deklaratsiya qilinmasligi hamda omonatlarning qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlangani kabi imtiyozlar tufayli banklardagi depozitlar ko‘payib bormoqda. 2015-yilda tijorat banklaridagi aholi omonatlarining hajmi 2014-yilga nisbatan 28 foizga oshgani buning tasdig‘idir. Mamlakatimiz tijorat banklari milliy va chet el valyutasida cheklanmagan miqdor va muddatlarda ikki yuz ellikdan ortiq omonat turini aholiga taklif etmoqda.
Tanlovda tijorat banklarining 2015-yilda aholining bo‘sh pul mablag‘larini banklardagi omonatlarga jalb qilish borasidagi faoliyati 8 asosiy va 11 qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha baholandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi banki”, deya e’tirof etildi.
Shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank”ning amaliyot boshqarmasi, qishloq joylarda aholi omonatlarini jalb qilishda “Aloqabank”ning Karmana tumani Navoiy filiali, plastik kartochkalar asosida ish haqi loyihalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Mikrokreditbank”ning Kosonsoy filiali tanlov g‘olibi bo‘ldi.
– Bankimizda muddatlari ikki oydan bir yilgacha bo‘lgan yigirmaga yaqin omonat turi joriy etilgan, – deydi “Mikrokreditbank”ning pul muomalasi departamenti direktori Rahimjon Ergashev. – Buning samarasida jismoniy shaxslarning omonat hisobraqamlaridagi mablag‘lar qoldig‘i 2015-yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘paydi. Plastik kartochkalar soni 959 ming 400 dan oshdi. Shunga mos ravishda o‘rnatilgan terminallar soni qariyb 13 mingtaga yetdi. Joriy yilda yanada jozibador va qulay omonatlarni joriy etish niyatidamiz.
Tanlovda, shuningdek, qishloq joylarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi mini-banki, shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi mini-banki, yilning eng yaxshi jamg‘arma-maxsus g‘aznasi, eng yaxshi innovatsion bank, eng zamonaviy jihozlangan bo‘linma, milliy valyutadagi eng yaxshi jamg‘arma depozit kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.