Yigʻilishlar nega kutilgan natijani bermaydi?
Boshqaruv amaliyoti shuni koʻrsatadiki, toʻqqiz foiz samarali gʻoyalar fikr almashishdan kelib chiqadi.
Boshqaruv amaliyoti shuni koʻrsatadiki, toʻqqiz foiz samarali gʻoyalar fikr almashishdan kelib chiqadi. Shuning uchun biznes vakillari koʻpincha yigʻilishlar, konferensiyalar va korporativ uchrashuvlar oʻtkazishadi.
Ammo koʻpchilik turli xil yigʻilish va majlislarni zerikarli va samarasiz, vaqtni behuda oʻtkazish, deb hisoblaydi. Chunki baʼzi tashkilotlarda yigʻilishlar soatlab davom etadi va ular yakunidan soʻng biror-bir natija yoki ijobiy oʻzgarish boʻlmaydi.
Shuningdek, tashkilot rahbari yigʻilishlar soni koʻpligi sababli ularga tayyorlanishga ulgurmaydi va odatda yigʻilish boshlanishiga bir soat qolganda ushbu vazifani oʻz xodimlari zimmasiga yuklaydi, bu holat esa xodimlar tomonidan barcha ishlarini tashlab yigʻilishga maʼlumotlar toʻplashga kirishiladi.
Mashhur amerikalik iqtisodchi Jon Kennet Gelbreytning fikricha, “Agar siz biror-bir ishni qilishni xohlamasangiz, yigʻilishlarni oʻtkazish eng yaxshi uslub ”.
Londondagi “STL Microsoft Training” konsalting kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, yigʻilishlar soni koʻpligi sababli kichik va oʻrta korxonalar juda katta zarar koʻrishlari maʼlum qilingan. Hisob-kitoblarga koʻra, kompaniya xodimlari yiliga oʻrtacha 207 yigʻilishda ishtirok etishadi. Yigʻilish ishtirokchilari qoʻyilgan maqsadlarga erishmaganliklari oqibatida ularning 67 foizi samarasiz, deb hisoblangan.
Shuningdek, AQSHning Shimoliy Karolina universiteti 182 ta menejer bilan soʻrovnoma oʻtkazgan. Soʻrovnomada ishtirok etgan ishtirokchilarning 65 foizi yigʻilishlar ularni asosiy ishidan chalgʻitayotganligi, 71 foizi yigʻilishlar samarasiz va natijasiz ekanligi, 62 foizi foizi esa yigʻilishlar oʻtkazish orqali jamoani birlashtirish kiyin ekanligini bildirgan.
Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi turli tashkilotlar yigʻilishlarni qisqartirish uchun noodatiy uslublarni qoʻllab kelmoqda. Misol uchun, Just Fearless konsalting kompaniyasi yigʻilishlarni oʻtkazish davomiyligini 30 daqiqa qilib belgilagan. Bunda, yigʻilish 30 daqiqadan koʻproq davom etsa, xodimlardan stullar olib quyiladi. Ushbu turdagi uslub yigʻilishlarni iloji boricha tezroq tugatishga va choʻzmaslikka xizmat qiladi.
Tripping.com servis jamoasi vaqtdan samarali foydalanish maqsadida yigʻilish oʻtkazish joyini vaqti oʻlchovchi uskuna bilan taʼminlashadi va yigʻilish davomiyligini 30 daqiqa qilib belgilashadi. Agar yigʻilish davomiyligi uzayib ketsa, yigʻilish tashabbuskori 5 AQSH dollari miqdorida jarima toʻlaydi. Tripping.com asoschisi va direktori Djen OʻNilning taʼkidlashicha, xodimlarning vaqtni tejash tamoyili tashkilotdagi korporativ madaniyatni rivojlantirishda asosiy rolni bajarmoqda.
Koʻrinib turibdiki, turli xil yigʻilish va majlislar tashkilotning har bir xodimi ish vaqtining muhim qismini olmoqda. Koʻp xodimlar ish yuritishning ushbu uslubini yoqtirishmaydi. Mazkur salbiy holat yigʻilishlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning eng oddiy tamoyillarini bilmaslik oqibatida vujudga kelmoqda.
Xususan, yigʻilishlarni samarali va natijador oʻtkazish uchun birinchi navbatda har bir yigʻilish oʻz vaqtida boshlanishi va tugashi kerak. Bunda tezkor masalalarni hal qilish uchun uzogʻi bilan 20-30 daqiqa, muammoli masalalarni koʻrib chiqish va hal etish uchun esa uzogʻi bilan 90 daqiqa kifoya boʻladi. Agar yigʻilish uzoq davom etsa, ishtirokchilarning diqqatini ushlab turish qiyin boʻladi va ular boshqa masalalarga (telefon koʻngʻiroqlarga, sms xabarlarga va boshqa) chalgʻishadi.
Shuningdek, yigʻilishga taklif etilayotgan ishtirokchilar sonini ham qatʼiy cheklash zarur. Buning uchun birinchi navbatda yigʻilishda ishtirok etishi lozim boʻlganlarning aniq roʻyxatini belgilash lozim. Bunda asosiy eʼtiborni shunga qaratish kerakki, yigʻilishni ushbu ishtirokchilarsiz oʻtkazish imkoni boʻlmasligi kerak. Har bir ishtirokchini taklif qilishdan oldin quyidagi savollarga javob topish lozim boʻladi: yigʻilishda koʻtarilayotgan masala ishtirokchi faoliyati bilan bevosita bogʻliqmi? Ishtirokchi koʻtarilayotgan masala boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmalarga egami? Shaxsni yigʻilishga taklif etmagan holda yigʻilish yakuni natijalari boʻyicha shaxsni xabardor qilish bilan cheklansa boʻladimi?
Hozirda psixologlar yigʻilishlarning samarador va natijador boʻlishi uchun yigʻilishlarda soni 9 nafardan ortiq boʻlmagan shaxslar ishtirok etishi boʻyicha tavsiyalar bermoqda.
Mazkur taomillarga rioya etilmaganlik oqibatida quyidagi salbiy holatlar vujudga kelmoqda: yigʻilishda koʻtarilayotgan masala boʻyicha aloqasi yoʻq boʻlgan tashkilot xodimlari ishtirok etishmoqda; yigʻilishda koʻtarilayotgan masala yoki muammoning yechimi topilmayapti; yigʻilish yakuni boʻyicha ijro qilish nuqtayi nazardan sifatsiz qarorlar qabul qilinmoqda; yigʻilishda qabul qilingan qaror ijro qilinmayapti.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishni tashkil qilishning samarali va natijador tizimini yaratish jarayonida yigʻilishlarni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan yuqorida qayd etilgan jahon tajribasi va taomillari joriy qilinsa, bu albatta, oʻz ijobiy natijasini beradi.
Azizbek Dehqonov,
Adliya vazirligi masʼul xodimi.