Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlar (birinchi qism)
–So‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi munosabatlarning muhiti o‘zgardi, yetakchilar tez-tez uchrashib, masalalarni ochiq muhokama qilib, yechimlar topib, bir-birini qo‘llab-quvvatlay boshladi;
–XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayonlarining yakunlanishi tarixiy voqea bo‘ldi;
–Mintaqa xalqaro maydonda ancha ishonchli va sezilarliroq tarzda namoyon bo‘lmoqda;
–Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichini belgilab olish kerak. Bugun ularni yanada mustahkamlash va aniq mazmun bilan boyitish imkoniyati paydo bo‘lmoqda;
–Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish taklif etildi;
–Iqtisodiy hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilishi kerak. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmining o‘sishi bo‘yicha jiddiy maqsadlar qo‘yilgan. Endi bu o‘sish nimaning hisobiga ta’minlanishini belgilab olish zarur;
–Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur umumiy geografiyamizdan foydalanishda yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi kerak;
–Davlatlar bilan odatdagi savdo-sotiq qilish endi yetarli emas, birgalikda yakuniy mahsulot yaratish lozim. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi qanday marraga intilish kerakligini yaxshi ifodalaydi. Bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif etildi;
–Qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platforma yaratish muhimligi ta’kidlandi;
–Mintaqa global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkinligi qayd etildi;
–Bunday muvofiqlashtiruv uchun Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tuzishni tezlashtirish va uning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi.
O‘zA