YeXHT xalqaro kuzatuvchilari Namanganda
Mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi.
Refeoyendumni qonunda belgilangan tartibda oshkoralik va demokratik talablar asosida tashkil etish va o‘tkazishda xalqaro kuzatuvchilarning o‘rni beqiyos. Ayni shu maqsadda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilaridan iborat delegatsiyalar respublikamizning turli hududlarida o‘z missiyalarini bajarmoqda.

Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari Yoxanna Berger va Irina Shuliankova bilan uchrashdi.

Tadbirda referendum hamda unda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakillari missiyasi kuzatuvchilari faoliyati yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv avvalida YeXHT kuzatuvchilari o‘z funksiyalari, mandatga asosan referendumdan oldin, ovoz berish kuni va undan keyingi jarayonlarda ishtirok etishini ma’lum qildi.
– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, ochiqlik siyosati bilan demokratik tamoyillar yangi bosqichga ko‘tarilgan, – deydi muloqotda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Xususan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda viloyatdagi mavjud referendum uchastkalarida ovoz beruvchi fuqarolarning qonunda kafolatlab qo‘yilgan xohish-istaklarini bildirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Uchrashuvda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti xalqaro kuzatuvchilari ham o‘z o‘rnida, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuksak baho berdi. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 6-Namangan referendum okrugi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ular okrug joylashgan binodagi komissiyaning to‘laqonli ishlashi yuzasidan yaratilgan sharoitlar, okrug komissiyasining qachon, qay tartibda shakllantirilgani, komissiya sifat tarkibi hamda gender tenglik, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilishi kerak bo‘lgan seminar-treninglar bo‘yicha 6-Namangan referendum okrugi komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unovga bir qator savollar bilan murojaat qildi. Shuningdek, okrug hududida nechta uchastkalar shakllantirilgani, targ‘ibot va tashviqot ishlari bilan kimlar shug‘ullanishi, saylovchilar qaysi uchastkaga borib ovoz berishlarini qanday bilishlari, ovoz berish uchun uchastkalarda yaratilgan sharoitlar bilan ham qiziqdi. Qolaversa, ular bugunga qadar fuqarolardan biron bir shikoyat tushmaganligi, OAV vakillaridan matbuot anjumanida kelib tushgan savollarga o‘z vaqtida javoblar berilganiga ham alohida e’tibor qaratdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA