YeXHT Parlament assambleyasi raisi Samarqandda
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampetro boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Martabali mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov kutib oldi.
Dastlab delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan 4-texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda yoshlarga kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim misolida mamlakatimizdagi texnikumlar o‘quv jarayoni, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borilishi haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng mehmonlar shahardagi Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi va boshqa tarixiy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarda bo‘ldi.
Pere Joan Pons Sampetro Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan kecha bo‘lib o‘tgan muloqot xalqaro masalalarga bag‘ishlanganini ta’kidladi.
[gallery-32131]
– Uchrashuvda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqada savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildik, – dedi YeXHT Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampetro. – Samarqandga tashrifimiz ham alohida ahamiyatga ega. Qadimdan Buyuk ipak yo‘li orqali sharq va g‘arbni bog‘lab kelgan ushbu shahar bugun ham xalqaro muloqot maydoni sifatida dunyoda o‘z munosib o‘rniga ega. Jumladan, bu yerda o‘tgan yil oliy darajadagi Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi muloqoti bo‘lib o‘tgan edi. Yaqinda ham Samarqand nufuzli xalqaro forumlarga mezbonlik qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari