YEXHT doirasida Oʻzbekiston raisligidagi ilk yigʻilish
Avstriya poytaxti Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy-ekologik qoʻmitasining joriy yildagi va Oʻzbekiston raisligidagi ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Avstriya poytaxti Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy-ekologik qoʻmitasining joriy yildagi va Oʻzbekiston raisligidagi ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda YEXHT Kotibiyati va Parlament assambleyasi rahbariyati, 57 ta aʼzo davlatning doimiy hamda 11 ta muloqot boʻyicha sheriklar vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, tashkilotning boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Albaniyaning YEXHTda amaldagi raisligi ustuvor jihatlari koʻrib chiqildi, Oʻzbekistonning 2020-yilda Iqtisodiy-ekologik qoʻmita raisligidagi ish rejasi qabul qilindi.
YEXHT Iqtisodiy-ekologik qoʻmitasi raisi, elchi Sherzod Asadov yigʻilish ishtirokchilarini qoʻmitaning boshqa davlatlar fikrini hisobga olgan holda va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan Oʻzbekistonni yana-da rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar asosida tayyorlangan 2020-yilgi ish rejasi loyihasi bilan tanishtirdi. Qoʻmita ishi YEXHT doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro transport aloqalarini kengaytirish, turizmni barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va raqamli iqtisodiyotni ilgari surish, “aqlli shahar” loyihasini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish, atrof-muhit muhofazasida yoshlar hissasini koʻpaytirish, ekologiya va suv resurslarini barqaror boshqarish kabi muhim masalalarga qaratiladi.
Alohida qayd etish joiz, turizmni rivojlantirish va Orolboʻyi aholisi turmush sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar misolida atrof-muhit muhofazasida yoshlar hissasini oshirish muammolari YEXHT tarixida ilk bor tashkilot doirasida maxsus muhokama etiladi.
Yigʻilish yakunida tashkilotga aʼzo doimiy vakolatxonalar, jumladan, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Shveysariya, Ispaniya, Fransiya, Kanada, Islandiya, Vatikan, MDH mamlakatlari, shuningdek, YEI, YEXHT Parlament assambleyasi vakillari soʻzga chiqdi.
Oʻzbekiston raisligidagi Iqtisodiy-ekologik qoʻmita faoliyati dasturi tahlil qilindi va toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.