Yevropada o‘zbek milliy hunarmandchiligi namunalari namoyish etildi
Fransiyaning Renn shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy hunarmandchiligi va madaniyati keng namoyish etildi.
Festivalda Toshkent shahridan tashrif buyurgan hunarmandlar — milliy liboslar dizayneri va ustasi Firuza Yakubova, milliy qo‘g‘irchoqlar ustasi Nasiba Ahmedova hamda zardo‘z-hunarmand Nargiza Murodova o‘z ijod namunalari, ko‘rgazmalari va mahorat darslari bilan faol ishtirok etdi.

Keyingi paytlarda Fransiyaning bir qator yirik shaharlarida o‘zbek milliy hunarmandchiligi, gastronomiyasi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadbirlar hamda ko‘rgazmalar muntazam tashkil etilmoqda. Bu kabi loyihalar nafaqat mamlakatimizning boy tarixiy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, balki Yevropa va Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy ko‘priklarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida o‘zbek milliy liboslari, do‘ppilar, milliy qo‘g‘irchoqlar va zardo‘zlik san’ati namunalari xorijlik mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Festival mehmonlari o‘zbek palovi va somsasi, milliy musiqa va madaniyatimiz bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi xalqaro tadbirlar milliy qadriyatlarimizni jahonga tanitish, o‘zbek hunarmandlarining mahoratini namoyish etish va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA