Yevropa yetakchilari Kishinyovda yig‘ilishdi (+video)
Moldova mustaqillik kuni arafasida, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakat poytaxti Kishinyovga tashrif buyurdi. Muxolif partiyalar bu tashrif, 28 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan uyushtirilayotganini aytmoqda.
Chunki, Yevropaga intilayotgan prezident Mayya Sandu uchun bu juda muhim sanaladi. Moldova yetakchisining xavotir olganicha bor, ma’lumotlarga qaraganda Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan guruhlar saylov jarayonlariga ta’sir qilishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda. Shuning uchun ham Sandu Yevropa va Ukraina bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga intilmoqda.
Yelisey saroyi ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa yetakchilari Moldovaning suvereniteti, xavfsizligi va Yevropa yo‘lidan borish niyatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Moldova prezidenti matbuot xizmati ham Rossiyaning saylovlarga aralashuvi kuchayayotgan bir paytda, bu tashrifning katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Iyul oyida Mayya Sandu Rossiyani saylovlarga aralashuv uchun tayyorlayotganlikda aybladi.
- Rossiya tomonidan ovozlarni sotib olish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali saylov natijalarini o‘zgartirishga urinishlar kuzatilmoqda, - degan u.
Yevropa rahbarlarining tashrifi Moldovaning Rossiyaparast muxolif kuchlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Sobiq prezident Igor Dodon yevropaliklarning bu tashrifini saylov jarayoniga «bevosita aralashuv» deb atadi. Agarda Yevropada shunday holat yuz berganida albatta, katta mojaroga sabab bo‘lar edi, degan.
Moldova Ukraina va Ruminiya orasida joylashgan kichik mamlakat bo‘lib, o‘z hududining bir qismi bo‘lgan Pridnestroveni nazorat qila olmaydi. Pridnestrove Rossiya tomonidan qo‘llab - quvvatlanadi. Garchi, mustaqillik e’lon qilgan bo‘lsada xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.
Hozirda Mayya Sandu rahbarlik qilayotgan partiya parlamentdagi ko‘pchilikni saqlab qolishga harakat qilmoqda. O‘tgan yilgi saylovlarda u ikkinchi prezidentlik muddatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, saylov jarayonida qalbakilashtirish va ovoz sotib olishga oid shubhalar paydo bo‘ldi. Xullas, Yevropa yetakchilari Moldovaning mustaqilligi va Yevropa yo‘lidagi istiqbolini qo‘llab-quvvatlash uchun birdamlik namoyish etishdi. Bu esa Kremlning ta’sirini pasaytiradi va Moldova saylovlarining adolatli o‘tishiga katta ta’sir qiladi, deb umid qilishmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZLJEQ0Dksc4" title="Yevropa yetakchilari Kishinyovda yig‘ilishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA