Yevropa sudi Abramovichning da’vosini rad etdi
Rossiyalik multimilliarder Roman Abramovich o‘zining sanksiya ro‘yxatiga kiritilishini huquqi buzilishi sifatida ta’riflagan. Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi uning faoliyatini baholashda adashgan. Yevropa sudi esa 20 dekabr kuni ushbu mashhur tadbirkorning tegishli qaror ustidan bergan shikoyatini rad etdi.
Abramovich 2022 yil martda rossiyalik amaldorlar, taniqli biznesmen va oligarxlar bilan birga YeI tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan. YeI uning “Vladimir Putin bilan ko‘p yillik va yaqin munosabati mavjud”ligini iddao qilib, “Prezident bilan aloqada bo‘lish huquqiga ega, u bilan juda yaxshi munosabatni saqlab qolgan”ini aytadi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayni holat magnatga “katta boyligini saqlab qolish” imkonini bergan va shuning uchun ham “u Qrim anneksiya qilinishi yoki Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul Rossiya rahbarlaridan foydalangan”.
Yevropa Ittifoqi Abramovich yetakchi biznesmenlardan biri sifatida “Rossiya hukumati uchun muhim daromad manbai” bo‘lganini ham ta’kidlaydi.
Roman Abramovich o‘ziga nisbatan joriy etilgan sanksiyani bekor qilish uchun YeI ustidan sudga murojaat qilgan. Uning ta’kidlashicha, YeI bahosida “aniq xato” bor, ro‘yxatga kiritilishi “uning huquqi buzilishi” va YeI qonunchiligida mustahkamlangan asosiy huquqiga “asossiz aralashuv”dir. Shuningdek, Yevropa sudi hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Abramovich mojarolar qurboniga aylangani, jumladan Londonning “Chelsi” futbol klubi obro‘siga putur yetkazgani uchun YeIdan 1 million yevro to‘lashni talab qilgan. Afsuski, uning da’volari qanoatlantirilmadi.