Yevropa og‘ir atletikasi atrofidagi gap-so‘zlar
XOQ qoshidagi Xalqaro sinov agentligi(ITA)ning 3 kun muqaddam IWF ijroqo‘m a’zolariga nisbatan e’lon qilgan ayblovi natijasida Yevropa og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Xasan Akkus iste’foga chiqdi, deya xabar tarqatdi insidethegames.biz. sayti.
Xabarda keltirilishicha, Akkusning Yevropa og‘ir atletika federatsiyasi rahbarligidan ketishi uni IWF ijroiya qo‘mitasi a’zoligidan, Turkiya og‘ir atletika federatsiyasini boshqarishdan mahrum qilibgina qolmay, olimpiya harakatidagi ishtirokini ham cheklab qo‘yishi ehtimolga yaqin.
Uning “sahna”dan tushishi Yevropa og‘ir atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Maksim Agapitovning mavqei yuksalishiga olib keladi. IWF Nizomiga asosan rossiyalik mutaxassis Yevropa og‘ir atletikasining vaqtincha rahbarligiga kirishadi. Ammo ekspertlarning fikriga ko‘ra, rossiyalik mutaxassis Xalqaro olimpiya qo‘mitasi uchun istalmagan shaxs hisoblanadi.
O‘z navbatida, turkiyalik mutaxassis “Toki, xalqaro sinov agentligi mening aybsizligimni tan olmas ekan, Yevropa og‘ir atletika federatsiyasi(EWF) rahbarligini bajarishdan voz kechaman”, deya bayonot berdi.
Bayden Tokioga bormaydi
Oq uy ma’muriyatiga yaqin manbalarning xabarlariga tayangan holda XOQ sayti Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida AQSH prezidenti Jo Baydenning qatnashmasligini e’lon qildi.
Ma’lumotda keltirilishicha, AQSHning birinchi xonimi Jill Bayden olimpiya o‘yinlarining asosiy marosimlarida AQSH hukumati nomidan ishtirok etadi. Bu haqdagi axborotni Yaponiyaning yuqori martabali vakillari ham tasdiqlashdi.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida AQSH nomidan davlat kotibi Jon Kerri ishtirok etgandi.
Yaponiyada o‘tkaziladigan yozgi olimpiya o‘yinlarining tantanali marosimlarida hozircha davlat rahbarlaridan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “har qanday holatda” ham qatnashish istagini bildirgan.
Albatta, bu tushunarli. Chunki 2024 yilgi olimpiya o‘yinlari Parijda bo‘lib o‘tadi. Shu boisdan ham aynan Makron yozgi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarining estafeta bayrog‘ini Yaponiyadan qabul qilib oladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA