Yevropa kubogi: 3-turda Abdusattorov g‘alabaga erishdi, Yoqubboyev esa raqibiga yo‘l berdi
Chernogoriyaning Budva shahrida shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan Yevropa kubogining kecha yakunlangan 3-turida mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev o‘z jamoalari sharafini himoya qildi.
Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “SuperChess Romania” jamoasi “Cheddleton Savills Caterling” jamoasini 5:1 hisobida mag‘lub etgan vaziyatda hamyurtimiz ushbu jamoa vakili Balaj Chonkani dog‘da qoldirdi.

Nodirbek Yoqubboyev qatnashayotgan “Novy Bor Chess Club” a’zolari “C.A. Silla Integrant Col-lectius” jamoasidan 4:2 hisobida ustunlikka erishgan vaziyatda Yoqubboyev raqib jamoasi a’zosi Alvar Alonso Rosselga yutqazib qo‘ydi.

Ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlaridan keyin Yevropa kubogida Ozarbayjonning “Vugar Gashimov” jamoasi 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga peshqadamlik qilmoqda.
Shuningdek, 11 ta jamoa qatorida “SuperChess Romania” hamda “Novy Bor Chess Club” hisobida ham 6 ochko bor.
Bugun, 20-oktabr kuni umumiy mukofot jamg‘armasi 40 ming yevrodan iborat Yevropa kubogining 4-tur musobaqasida Nodirbek Abdusattorovning “SuperChess Romania” jamoasi aynan “Vugar Gashimov” bilan, Yoqubboyev sharafini himoya qilayotgan “Novy Bor Chess Club” a’zolari “Rishon LeZion” jamoasi bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 7 ta turdan iborat bo‘lgan Yevropa kubogi musobaqalari 23-oktabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA