Yevropa filmlari Toshkent va Urganch ekranlarida
Kino san’ati turli xalqlarning tarixi, madaniyati va hayot tarzini yaqindan anglash imkonini beradi. Ayni kunlarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan XI Yevropa kinofestivali ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida Yevropa mamlakatlarida suratga olingan filmlar Toshkent va Urganch shaharlarida tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan Kinematografiya agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan festivalda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar elchixonalari va qator madaniy muassasalar ham ishtirok etmoqda.
Festival doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, bu yilgi dasturdan Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya va Sloveniya kinematograflarining 11 ta filmi o‘rin olgan. Tomoshabinlar hujjatli filmlar, psixologik dramalar, animatsion asarlar, biografik kartinalar va romantik hikoyalarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar festival turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
—Yevropa kinofestivali - madaniyatlarimiz xilma-xilligi va umuminsoniy qadriyatlarni aks ettiruvchi hikoyalar orqali Yevropani kashf etish imkoniyati. Bu yil festivalni Urganch shahri bilan ham baham ko‘ryapmiz. Kino tadbiri geografiyasini Toshkentdan tashqariga kengaytirish O‘zbekiston viloyatlarida madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yaxshi an’anaga aylandi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Yevropa Ittifoqi davlatlari elchixonalari va ishtirok etayotgan madaniy tashkilotlarga ko‘p yillik hamkorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Ularning hissasi festivalni kino san’atining universal tili orqali mamlakatlar o‘rtasidagi jonli muloqot maydoniga aylantirdi, — dedi Toyvo Klaar.
O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov ham festivalning madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rniga to‘xtaldi.
—Yevropa kinofestivali madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va ijodiy tajriba almashish uchun muhim maydon hisoblanadi. U o‘zbekistonlik tomoshabinlarga Yevropa kinematografiyasining o‘ziga xos badiiy yondashuvlari, turli xalqlarning hayoti, qadriyatlari va ma’naviy olami bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Kino san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik mustahkamlanib, yangi ijodiy g‘oyalar hamda xalqaro hamkorlik loyihalari uchun zamin yaratiladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan kinematografiya sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Qo‘shma filmlar yaratish, tajriba almashish va milliy kino asarlarimizni xalqaro maydonda targ‘ib etish ushbu hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridir. Ishonchim komilki, bunday tashabbuslar o‘zbek kinoijodkorlarining kasbiy salohiyatini oshirish, milliy kinematografiyamizning xalqaro nufuzini mustahkamlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi, — dedi Matyoqub Matchonov.
Festivalning ochilish filmi sifatida 2024-yilda Fransiya va Lyuksemburg hamkorligida suratga olingan "Bog‘dagi qayiq" animatsion asari havola etildi.
Film voqealari 1950-yillarning boshlarida dengiz bo‘yidagi shaharlardan birida kechadi. Unda yosh Fransua ota-onasi bilan birgalikda oilaviy bog‘da yelkanli kema qurishga kirishadi. Bu g‘ayrioddiy loyiha bolaning orzu-umidlari, dunyoqarashi va ulg‘ayish jarayonini aks ettiradi.
Kinofestival doirasida talabalar uchun ham maxsus namoyishlar tashkil etilyapti.
Festival dasturi 23-25-oktabr kunlari Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida, 27-oktabr kuni esa Urganchdagi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda namoyish etiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA