Yetkazib berish xizmatida xaridorga chek berilmaydimi?
Karantin sharoiti tufayli hozirda koʻpchilik internet orqali savdo qilishga majbur boʻlmoqda.
Dolzarb savolga batafsil javob
Karantin sharoiti tufayli hozirda koʻpchilik internet orqali savdo qilishga majbur boʻlmoqda. Buyurtma qilingan tovarlar uyga yetkazib berilgach, koʻp hollarda hisob-kitob naqd pulda amalga oshiriladi. Lekin, chek berilmaydi, bu qanchalik toʻgʻri?
Mazkur savolga Davlat soliq qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Yelena Ismayeva oydinlik kiritdi.
“Har qanday hisob-kitob amalga oshirilganida u plastik kartami yoki naqd pul boʻlishidan qatʼiy nazar sotuvchi xaridorga xarid cheki taqdim etishi shart. Uyga yetkazib keluvchi terminal yoki kassa mashinasi bilan kelib, xarid qilingan tovar uchun chek berishga majbur. Chek talab qilish isteʼmolchining huquqi hisoblanadi.Chek bermaslik isteʼmolchilarning huquqlarini qoʻpol ravishda buzishdir.
Chunki tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi belgilangan. ”Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunning 10-moddasida ”Oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi“, deb koʻrsatib oʻtilgan”