Yeri bor odam kambagʻal boʻlmaydi
Uchma qishlogʻida yashovchi Shirinboy Rizoqulov dehqonchilikni haddisini olgan mirishkorlardan.
Tomorqadan samarali foydalanish dolzarb masala boʻlib turgan shu kunlarda mehnatsevar odamga imkoniyat, ishlashni yoqtirmagan odamga bahona koʻpligini har bir hududda uchratish mumkin. Ayniqsa, oqar suv bilan barqaror taʼminlanmagan qishloqlarda bu holning ikkisiga ham misollar koʻp.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 8-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligiga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Ayni paytda bu ish kun tartibidagi asosiy vazifalardan biri boʻlib turgani bejiz emas. Yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini hamda yurtdoshlarimizning real daromadini oshirishdagi katta imkoniyat boʻlgan tomorqa “Uyda qoling” loyihasi doirasida pandemiyaga qarshi karantin davrida odamlarning oʻz uylarida foydali ish bilan mashgʻul boʻlishida yana-da muhimdir.
Aholini tomorqa xoʻjaligiga yana-da koʻproq jalb etish Jizzax viloyatining Zomin, Forish, Baxmal, Gʻallaorol, Yangiobod tumanlarining chekka togʻli qishloqlari uchun ayniqsa juda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda viloyatning barcha tumanlarida tomorqadan samarali foydalanishni targʻib qilish va amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha tuzilgan ishchi guruxlar faoliyat olib borayotir.
Ishchi guruhlar faqat tomorqa egalarini tergash, kamchigini koʻrsatish emas, mavjud ilgʻor tajribalarni hovlisidagi yeridan yaxshi daromad qilayotgan oilalar misolida targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu yoʻnalishda oʻrganishga arzirli tajribalar, yangicha yondoshuvlar esa anchagina.
Masalan, Forish tumani qadimdan oʻzining mevalari, ayniqsa uzumi, qora kishmishi bilan mashhur boʻlib kelgan. Nurota togʻ tizmalaridagi buloqlardan suv ichadigan qishloqlarda sugʻorma dehqonchilik uchun yer ham, suv ham unchalik koʻp boʻlmasada, ammo forishliklar bundan nolishmaydi. Bu yerda odamlar suv kam boʻlsa uzum, yer kam boʻlsa mehnat shirin boʻladi, deb tomorqani chinakam jannatga aylantirgan.
Uchma qishlogʻida yashovchi Shirinboy Rizoqulov dehqonchilikni haddisini olgan mirishkorlardan. Pensiyaga chiqqunga qadar qishloqdagi 28-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlagan Shirinboy aka turmush oʻrtogʻi Oliya opa Rizoqulova va farzandlari bilan tomorqadan yaxshigina daromad olmoqda.
– Yaqin yillargacha qishloq oʻqituvchisining maoshiga roʻzgʻor tebratish qiyin boʻlgan paytlarda ham daromaddagi bu taxchillikni tomorqa hisobiga qoplab keldik, – deydi Shirinboy aka. – Oʻqituvchi har kuni ishda boʻlishidan tashqari, darsdan soʻng uyda ham yozuv-chizuvi koʻpligidan boʻsh vaqti kam boʻlsada, imkoniyat topib ishladik. Bolalar katta boʻlishdi, oʻzim pensiyaga chiqdim, endi tomorqada ishlash koʻngilli mashgʻulotga aylandi. Qishloqda suv kam, tomorqani navbat bilan sugʻoramiz, nam saqlash tadbirlarini koʻramiz. Mehnat qilganga tomorqa hazina – kovlab turilsa tugamaydi. Ayniqsa shu kunlarda hammamiz bolalarimiz ham, nabiralarimiz ham uyda, ishimiz samarali boʻlayapti.
Shirinboy akaning 15 sotix hovlisiga 150 tup turli mevali daraxtlar ham hosilga kirgan. Hovli atrofiga ekilgan 100 tupdan ziyod yogʻochbop teraklar koʻkka boʻy choʻzib, voyaga yetayapti. Hademay oʻgʻillar quradigan yangi imoratga yaraydi. Sabzavot, koʻkatlardan ikki marta hosil olib kelayotir. Hozirda tomorqada ertangi kartoshka, piyoz, sarimsoq piyoz, lavlagi, pomidor, bodring, loviya har xil koʻkatlar gurkirib oʻsayotir. Oilaning isteʼmolidan ortgani bozorga chiqarilayotir.
Bundan tashqari, chorvachilik ham yoʻlga qoʻyilgan. Goʻsht, sut, qatiq ham oʻzlaridan. Oziq-ovqatning hech biri sotib olinmaydi. Aksincha ortiqchasini bozorga sotishdan oilaga qoʻshimcha daromad kelayotir.
Har qarich yerdan unumli foydalanib, tomorqadan unumli foydanayotgan bunday oilalar barcha tumanlarda koʻplab topiladi.
Tomorqachilikni rivojlantirishda bunday tajribalar asqotishi tabiiy. Shuning uchun ishchi guruh aʼzolari yakka tartibda, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, uyma uy yurib oʻtkazayotgan tushuntirish ishlarida xalqimizning tomorqachilikdagi boy tajribasini targʻib qilishga ahamiyat berishmoqda.
Jumladan, Zomin tumanida ishchi guruh aʼzolalari uyma-uy yurib, hozirgacha jami 23 ming 967 ta xonadonda tomorqa yer maydonidan samarali foydalanish toʻgʻrisida yakka tartibda tushuntirish ishlari oʻtkazishdi.
Ushbu targʻibot tadbirlari tufayli tumanda tomorqachilikdagi koʻrsatkichlar oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshilanmoqda. Hususan, joriy yilda tumanda 1 ming 881 gektardagi ertagi ekinlardan
28 ming 443 tonna, 358,9 gektardagi toʻqsonbosti ekinlardan 6 ming 79 tonna va 1 ming 388 gektar takroriy ekinlardan 18 ming 794 tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan.
Hozirgacha rejalashtirilgan barcha maydonlarda ertagi ekinlar ekib boʻlindi. Jumladan, 143 gektar kartoshka, 213,1 gektar pomidor va bodring, 203,9 gektar piyoz va sarimsoqpiyoz, 176 gektar sabzi, 32,8 gektar karam, 51,4 gektar koʻkatlar, 455,9 gektar maydonlarga boshqa sabzavot ekinlari ekildi.
Tomorqadan ikki, uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish orqali daromadlarni koʻpaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Soʻngi yillarda “Bir mahalla – bir mahsulot” loyihasi doirasida tomorqadan ikki va uch marta hosil oladigan qishloq va mahallalar yildan-yilga koʻpayib borayotir.
Tumanda tomorqa yer egalariga serhosil, unishi, hosildorligi kafolatlangan urugʻ hamda koʻchatlar, yerga ishlov berish texnikalari, mineral oʻgʻitlar yetkazib berish bilan shugʻullanadigan 2 ta “Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda.
Tomorqachilikni qoʻllab-quvvatlashda kambagʻal oilalar alohida eʼtiborga olinmoqda. Hozirgacha tumandagi kam taʼminlangan oilalarga 34 million soʻmlik 80 ming dona pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon, qalampir xamda 26 million soʻmlik 4 ming dona mevali koʻchatlar yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Shirin suv isteʼmolchilari uyushmasi xududidan 20 gektar yer maydoniga 7 ming dona nok koʻchatlari ekilib barpo etilgan bogʻ kambagʻal oilalarga 0,35 gektardan boʻlib berildi.
Shu kunlarda yoshlar bandligini taʼminlash va aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha yana bir yirik loyihani amalga oshirishga kirishildi. Ushbu loyiha boʻyicha tumanning Hulkar qishlogʻi hududidagi adirlarda 200 gektarlik uzumzor barpo etilmoqda. Ushbu tokzorlar tumandagi 600 nafarga yaqin ishsiz yoshlar va kambagʻal oilalarga 0,35 gektardan berilishi rejalashtirilgan. Hozirda ushbu tokzorning 100 gektariga koʻchatlar ekib boʻlingan.
Yeri bor odam kambagʻal boʻlmaydi. Odamlar bu haqiqatni tobora teranroq anglab yetmoqda. Shuning uchun viloyatning barcha tumanlarida tomorqadan uch, toʻrt marta hosil olayotganlar, qoʻlbola, zamonaviy issiqxonalar qurib yaxshigina daromad olayotganlar koʻpayib borayotir.
Joriy yilda viloyat boʻyicha 17 ming 683 gektar maydonga ertagi ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shundan, 10 ming 326 gektar sabzovot ekkinlari, 2 ming 353 gektar dukkakli, 2 ming 487 gektar kartoshka va boshqa turdagi mahsulotlar ekilmoqda.
Har bir oilaning alohida niyati, alohida mehnati asosidagi xalqimizni faravonlikka eltuvchi bu keng koʻlamli harakat barcha hududlarni qamrab olmoqda.