Yerga boqsang, yer seni boqadi
Arnasoy tumani Jizzax viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan cho‘l hududlarida joylashgan. Tuman aholi soni jihatdan viloyatdagi eng kichik tumanlardan biri, asosiy drayveri qishloq xo‘jaligi hisoblanadi.
Keyingi 5 - 6 yil ichida mamlakatimizning dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan hududlarida suv taqchilligi sezilib, suv tejamkor texnologiyalardan foydalanishga endi o‘tishayotgan bo‘lsa, arnasoyliklar suvning oxirida, ya’ni so‘nggi “quloq” bo‘lganligi sababli bir necha o‘n yildan buyon suvdan tejab-tergab foydalanib, dehqonchilik va chorvachilik ortidan yaxshigina daromad qilishmoqda.
Arnasoyliklarning asosiy daromad manbai tomorqachilikdan bo‘lgani tufayli tuman ahli bu ishning yaxshigina hadisini olgan. Tumanda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarda muayyan turdagi, ya’ni sabzavotchilik 28 gektar, kartoshkachilik 16 gektar, polizchilik 7 gektar, meva-bog‘dorchilik 37 gektar tomorqa yer maydonlarida mahsulotlar yetishtirilib, yaxshigina daromad olishmoqda.
Aholi tomorqalardan foydalanishda asosiy e’tiborni issiqxonalarga qaratgan. Shu bugungi kunga kelib tumandagi 9 gektar maydondagi tomorqalarda 516 ta issiqxona mavjud. Bu issiqxonalarga asosan qulupnay, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, turli ko‘katlar, limon va hatto banan kabi mahsulotlar ham ekilib, parvarish qilinayotir.
[gallery-20099]
– Bu joylar qarovsiz, chiqindixona bo‘lib yotardi, – deydi “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Olimjon aka Shaminov. – Mahalla raisi va hokim yordamchisiga shu joy uyimning orqasi, uni tozalab, o‘zlashtirib, issiqxona qursam, bankdan kedit olishimga yordam qilsalaringiz, degan taklif bilan chiqdim. Ularning bevosita yordamida bankdan 33 million kredit olib, o‘tgan 2023 yilning dekabr oyida 4 sotixli issiqxonamizni qurib bitkazdik. Yana qo‘shimcha kredit olib, joriy yilning yanvar oyida 4 ming 500 tup Koreyaning “Sanyang” degan qulupnay navli ko‘chatlarini Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan olib kelib ekdik. O‘g‘iti va suvi tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Quyosh barcha qatorlarga yaxshi tegib turishi uchun 4 qavatli qilib, zina shaklida ekilgan.Qishda qadalgan ko‘chatlarimizning ilk hosilini mart oyida terib boshladik. Yetilgan qulupnay mahsulotimizning birinchi hosili har kilogrammini 200 ming so‘mdan, oxirini 50- 60 ming so‘mdan sotdik.Mana, hozir yana gulga kirib, ikkinchi hosilining ham boshi pishib qoldi. Bu qulupnay navi yilning 9-10 oyi davomida pishib yetilar ekan. Qish faslida issiqxonada harorat + 14 darajadan past bo‘lmasligi lozim, shu maqsadda ustasini chaqirib, isitish tizimini o‘rnatyapmiz. Isitish qozonimiz ko‘mir bilan ishlaydi. Qulupnayimiz tabiiy changlanishi uchun Koreyaning maxsus asalarisi bo‘lar ekan. Erta bahor boshida shundan 2 - 3 qutisini olib kelishga buyurtma berdim.Issiqxonamizning ikkinchi yarmiga joriy yilning mart oyida bulg‘or qalampiri ekkan edik, shu kungacha hosil berdi. Terib sotib keldik. Endi ertaga yangi yil arafasida va qish mavsumida bozorlarimizga, xalqimizning dasturxoniga chiqarish uchun turli xil ko‘chatlar ekmoqchimiz. Issiqxonamizda oila a’zolarimizning 3 nafari doimiy ish bilan band. Shuningdek, qulupnaymizni dorilash, shoxlab ketgan navdalarini va hosil maydalashib ketmasligi uchun gul va mevasini hosilga kirgan paytidayoq yulib tashlash kerak ekan. Buning uchun qo‘shimcha kuch talab etiladi. Shuning uchun 5 - 10 nafargacha mavsumiy ishchilarni ham jalb etib turamiz. Bulardan tashqari, 20 boshga yaqin qo‘y, 5- 6 bosh sut beradigan va bo‘rdoqiga boqiladigan qoramolimiz va ellikka yaqin parrandamiz ham bor. Bu ishlar bilan ham oilamizning 1 - 2 nafar a’zosi doimo band bo‘ladi. Bankdan kredit olishdan cho‘chimaslik kerak. Imtiyozi borku, 3 yilgacha foizini, keyin kreditingizni to‘laysiz. Bu 3 yil ichida va undan keyin qancha daromad olasiz. Qutilganingizdan keyin bu sizga mulk bo‘lib qoladi. Pensiyada ham ishlayverasiz, pensiya qachon keladi, deb yo‘l poylamaysiz. Davlatimiz rahbari aytgan Sayxunobod tajribasini oilada joriy etish kerak. Menga moddiy yordam ber, ish yo‘q, deb o‘tirish kerak emas. Yerga boqsang, yerni o‘zi seni boqadi. Kambag‘allikdan chiqishning eng yaxshi yo‘li o‘z yeridan, tomorqasidan unumli foydalanishdir.
– “Yangi Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inimizda mavjud 780 xonadonning 1106 oilasida 4 mingdan ortiq fuqaromiz istiqomat qiladi, – deydi ushbu MFY raisi Ermamat Rajabov. – Mahallamizda o‘zini- o‘zi band qilish, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oila a’zolarining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun 11 ta issiqxona barpo etganmiz. Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida mahallamizning mana shu hududidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi 30 oilaning bandligini ta’minlash maqsadida 20 sotixli 4 ta issiqxona qurib berganmiz. Bularga bosh qilib, mahalliy tadbirkorimiz Dilshodjon Xolbekovni biriktirib, yerini 30 oilaga bo‘lib berganmiz. U barcha ishlarga bosh-qosh. Bu issiqxonalarimizda bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri yetishtirilib, bozorlarda sotdik. Bu yerdagi har bir oila yiliga 15 - 20 million so‘mdan doimiy daromad qilib kelmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish maqsadida tumanimiz bo‘yicha 302 gektar tomorqa yer maydoniga piyoz va sarimsoqpiyoz ekilgan bo‘lsa, shundan 40 gektarga yaqini aynan mana shu Yangi Bo‘ston mahallasiga to‘g‘ri keladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish, bozorlarimizda narx-navolar sun’iy ravishda oshib ketmasligi, fuqarolarimizni xavfsiz oziq-ovqat bilan va, qolaversa, elimizning yangi yil dasturxoniga yangi uzilgan sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish va bundan fuqarolarimiz mo‘maygina daromad qilishini ta’minlashdir. Mahallamizni obodonlashtirish borasida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bugunga kelib mahallamizda deyarli asfalt bo‘lmagan ko‘cha qolmadi. Birgina joriy yilning o‘zida salkam 3 kilometr ichki yo‘llarimiz asfalt qoplamasi bilan qoplandi. Mahalla binomiz yangidan foydalanishga topshirildi. Xalqimizning kayfiyati yaxshi. Xudo xohlasa, yana 2 - 3 yilga qolmay nafaqat mahallamizda, tumanimizda ham birorta kambag‘al oila qolmasligiga erishamiz.
–Prezidentimizning band bo‘lmagan aholi, asosan yoshlarni ish bilan ta’minlash, doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida bergan ko‘rsatmasiga asosan yoshlarga yer ajratib berish borasida bizning tumanimizda ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi, – deydi Arnasoy tumani yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Otabek Sattorov. – 300 gektar maydon 350 nafar yoshga auksion orqali olib berildi. Bu yerlarni o‘zlashtirishdan avval tuman fermer xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari kengashi bilan hamkorlikda yosh dehqonlar o‘quv-seminarlari tashkil etilib, ularga yerdan qanday foydalanish, ekinlar parvarishi va umuman dehqonchilikning sir-asrorlari amaliy jihatdan o‘rgatildi. Bo‘lib berilgan ana shu yerlarga erta bahorda ekin ekib, parvarish qilgan yoshlarimiz shu bugungi kungacha har biri 30 – 35 million so‘mgacha daromad oldi. E’tiborlisi, ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda sotildi, balki eksport ham qilinganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Joriy yilning sentyabr oyida “Agrobank” ATB Arnasoy filiali tashabbusi bilan “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘inida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 20 nafar yoshga berilgan 10 gektar maydonda tajriba asosida brokkoli karam ekilgan edi. Iqlim sharoitidan kelib chiqib, katta yoshdagi mirishkor dehqonlar yordamida yoshlarning yerga bo‘lgan mehri va zalvorli mehnati evaziga ekilgan karam ko‘chatlari hosilga kirish arafasida. Arnasoy tumanida ilk marotaba 10 gektar maydonda yetishtirilayotgan ushbu brokkoli karam mahsulotlarini nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya va Yevropa mamlakatlariga ham eksport qilishni keng yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Tuman hokimi Odil Musanov boshchiligida aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ularning daromadini oshirish, kelgusida bu kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning ko‘lamini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.Shuningdek, xorij investitsiyasini jalb qilgan holda Xitoy davlati bilan hamkorlikda qop ishlab chiqarish zavodi barpo etilmoqda.
Zavod faoliyatini boshlagach 200 nafar yosh doimiy, daromadli ish o‘rniga ega bo‘ladi. Ikkinchi katta loyihamiz bo‘yicha Xitoy bilan hamkorlikda Aydar – Arnasoy ko‘llari bo‘yida turizm va ekoturizmni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilganmiz. Ushbu loyiha ham qisqa fursatlarda amalga oshirilishi rejalashtirgan. Arnasoyning asosiy drayveri qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlash uchun yangi yerlarni o‘zlashtirib, vaqtincha band bo‘lmagan aholiga, ayniqsa, yoshlarimizga ajratib berish, daromad manbaini yaratish va ularning bandligini ta’minlash orqaligina ezgu maqsadimizga erishishimizga ishonchim komil.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VjCT0riS7Z8?si=9T6ODLOc3k4JFpHJ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari