Yerdan samarasiz foydalanish holati aniqlandi
“O‘zgroinspeksiya”ning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan Navbahor tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida tumanning Arabsaroy hududida faoliyat yuritayotgan “Xonzodabegim bog‘i” fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonlaridan samarasiz foydalanilayotgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimining tegishli qaroriga ko‘ra, 2017 yilda fermer xo‘jaligiga tuman hokimligi zaxirasidan jami 5 gektar, shundan, 4,7 gektar ekin yeri, 0,3 gektar ariq va zovurlar bilan band bo‘lgan maydonda yangidan issiqxona qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan yer ajratib berilgan.

– Ammo fermer issiqxona qurish maqsadida ajratilgan yerdan maqsadli foydalanmagan, – deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Umar Tursunov. – Yer maydoni begona o‘tlardan tozalanmagan. Qamish hamda yantoq o‘sib yotibdi. Issiqxona o‘rniga chorva hayvonlarini saqlash uchun qo‘ra qurilgan hamda yerdan ularni boqish uchun yaylov sifatida foydalanilmoqda. Fermerga ogohlantirish xati berilgan bo‘lsada, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan.


Hozirda “Xonzodabegim bog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan “Yer kodeksi”ning 36-moddasi 6-, 7- va 10-bandlari talablariga zid ravishda yerdan foydalanganligi sababli ajratilgan 5 gektar yer maydonini tuman zaxira fondiga qaytarish bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri