Yerdan barqaror foydalanish bo‘yicha BMT bilan hamkorlik kuchaytiriladi
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat yerdan barqaror foydalanishni rejalashtirish, degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash hamda landshaftlarni kompleks boshqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hamkorlik Global ekologik jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda yuqori tabiiy qiymatga ega landshaftlarni kompleks muhofaza qilish, boshqarish va tiklash” (ECOLAND) loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida landshaftlarni kompleks boshqarish, degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash, barqaror turmush vositalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ekologik qarorlar qabul qilishda ilmiy dalillar va bilimlardan samarali foydalanish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur memorandum ushbu yo‘nalishlarda xalqaro tajriba va ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish, shuningdek, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA