Yer va suv masalasi muhokama qilindi
Namangan viloyatida "Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlariga suv chiqarish ishlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dolzarb vazifalar va kelajakdagi istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oliy Majlis qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi Namangan viloyati hokimligi hamkorlikda tashkil etgan tadbirda tegishli soha vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2024 yillarda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 298,5 ming gektar sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda lalmi va yaylov yerlar va maydonlar bosqichma-bosqich qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritilmoqda. Xususan, joriy yilning I choragida respublika bo‘yicha jami 95,6 ming gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritilgan.
Shuningdek, hududlar bo‘yicha 640 km sug‘orish tarmoqlari qurish, 114 km kollektor tarmoqlarini ta’mirlash, 884 ta sug‘orish quduqlarini qazish, 90 ta nasos agregatlari o‘rnatish hamda 1532 km elektr uzatish tarmoqlari tortish ishlari amalga oshirilgan.

Davra suhbatida qishloq xo‘jaligi yerlarining aniq hisobi yuritilishini va yangilab borilishini ta’minlash har bir dala konturi kesimida ma’lumotlar bazasini shakllantirish, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, yer osti suvi iste’molchilarining yagona davlat statistik hisobot yuritish tartibini tatbiq etish hamda yer osti suvlaridan foydalanishning monitoring tizimini rivojlantirish borasida so‘z yuritildi.
Shuningdek, suv iste’molchilari va suvdan foydalanuvchilarning suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish borasida ham fikrlar aytildi.

Davra suhbati ishtirokchilari Namangan viloyatining Chust, To‘raqo‘rg‘on, Norin tumanlarida bo‘lib, tomorqa xizmati klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir yakunida muhokama etilgan masala yuzasidan ishtirokchilarning o‘zaro hamkorlikda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalari belgilab olindi. Qo‘mitaning taklif va tavsiyalari aks etgan tegishli mulohazalar ma’lum qilindi.
O‘zA