Yer munosabatlari qat’iy nazoratga olinadi
Ma’lumki, inson hayoti bebaho boylik hisoblangan yer bilan bog‘liq. Odamlarning farovonligi, tirikchiligi aynan yerga bo‘lgan munosabat bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda har bir qarich yerdan maqsadli foydalanish shu Ona yer, shu tuproq ustida yashayotgan har bir shaxs uchun ham qarz, ham farzdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni so‘nggi yillarda yer bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlash joiz. Chunki mahalliy hokimliklar, fermer xo‘jaliklari tomonidan sug‘oriladigan, unumdor yerlarni noqonuniy ravishda uy-joy uchun berib yuborish yoki aholining hech qanday hujjatlarsiz egallab olish holatlari hamon davom etmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi 2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-toroj bo‘lgan yoki hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilgan. 2 yilda prokuratura organlari tomonidan 7500 dan ortiq yerga oid qarorlarni bekor qilishga oid protest kiritilgan.
Ma’muriy sudlar tomonidan yerga oid tuman hokimlarining 2500 dan ortiq qarori bekor qilingan. Yerga oid qonunchilik bo‘yicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Farmonda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Jumladan, yerdan mulk va ijara huquqi asosida foydalanish, yerga umrbod, doimiy egalik qilish, vaqtincha foydalanish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va mo‘ljallanmagan yerlardan foydalanish va sotish, shuningdek, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olish yoki foydalanish, ijaraga berish bo‘yicha aniq tartib va mexanizmlari belgilandi.
Farmonning eng muhim jihati – mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinadi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari asosan mahalliy hokimliklar tomonidan sodir etilmoqda.
Qayd etganimizdek, davlatimiz rahbarining ushbu farmoni yer bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz. Endi barcha darajadagi deputatlar o‘z saylovchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda bu boradagi huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilishi, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishi lozim.
Jahongir ZIYAEV, O‘zMTDP deputati