YeOII va O‘zbekiston ASM hamkorligi yanada rivojlanadi
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining sanoat va agrosanoat majmui vaziri Artak Kamalyan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda asosiy mahallalardan biri sifatida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrosanoat majmui sohasidagi o‘zaro aloqasi masalalari muhokama qilindi.
YeIK vaziri Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ASMni rivojlantirishning O‘zbekiston tomonidan chuqurroq o‘rganish uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, YeOII oziq-ovqat xavfsizligining umumiy tamoyillari va yondashuvlarini shakllantirish, Ittifoq mamlakatlari bozorlariga qo‘shimcha ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan ehtiyoj yoki imkoniyatlar to‘g‘risida tezkor ma’lumot almashish uchun maydon yaratish, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining erkin harakatlanishini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni taklif qildi.
Agrosanoat majmuida akademik mobillik mexanizmlarini yaratish, Ittifoq agrosanoatini rivojlantirish xaritasini ishlab chiqish, ittifoqdosh davlatlarning milliy tovar ishlab chiqarish tizimlarini bir-biriga bog‘lash, shu jumladan, Yevroosiyo ulgurji va logistika majmualarini shakllantirish ham ustuvor ahamiyatga ega masalalardan sanaladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev agrosanoat kompleksi sohasida YeOII davlatlari bilan hamkorlikni o‘zaro manfaatli ravishda chuqurlashtirish foydali ekanini bildirib, akademik mobillikni rivojlantirish mexanizmlarini yaratish va a’zo davlatlarning milliy tovar o‘tkazish tizimlarini birlashtiruvchi loyihalarga to‘xtaldi.
- Milliy qonunchilikni integratsiyalashgan birlashish normalari bilan yaqinlashtirish doirasida biz qishloq xo‘jaligi sohasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning solishtirma tahlilini o‘tkazishimiz lozim, – deydi J.Xo‘jayev.- Veterinariya va fitosanitariya nazorati milliy siyosatini yanada takomillashtirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ydik. Ushbu yo‘nalishda texnik standartlarni moslashtirish, infratuzilmani modernizatsiyalash uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak. Buning uchun biz kun tartibidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish, mavjud muammolar va ularni tartibga solish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistonning veterinariya va karantin xizmatlarini YeOII davlatlarining xuddi shu sohalardagi inspeksiya organlari bilan birlashtirish uchun maydon yaratishimiz mumkin.
YeIK vazirining ta’kidlashicha, oldinda milliy mahsulotlarni o‘tkazish tizimini yagona tarmoqqa birlashtirish vazifasi turibdi. Bu borada Artak Kamalyan YeOII tashkilotining mahsulot taqsimlaydigan yagona tarmog‘i Ittifoqning o‘zaro va tashqi savdosini kuchaytirishga, transport oqimini maqbullashtirish, ishlab chiqarish va mahsulot sotish bilan bog‘liq logistik va umumiy xarajatlarni kamaytirish uchun ko‘maklashish, oxir-oqibatda iste’molchilarni sifatli, yangi mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilishi lozim, degan fikrni ilgari surdi.
- Davlat organlarining mamlakatingizdagi biznes hamjamiyati ishtirokidagi takliflarini Ittifoq mamlakatlari bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish va birgalikda ishlab chiqishdan mamnun bo‘lamiz, – deydi Artak Kamalyan. Savdoni rivojlantirish, O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalarni yaratish YeOIIda alohida qiziqish uyg‘otadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan YeOII mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq hajmi yuqori bo‘lib, 2020 yilda YeOII mamlakatlaridan O‘zbekistonga eksport qilingan qishloq xo‘jaligi xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari 1,7 milliard dollarni tashkil etgan. 2019 yilga nisbatan 38,2 foizga oshgan. O‘zbekistondan YeOII davlatlariga import hajmi esa 12,3 foizga o‘sib, 656,4 million dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladi. Shu munosabat bilan Ittifoq davlatlari va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va logistik infratuzilma samaradorligini oshirish uchun salohiyat mavjud.
O‘tgan yili YeOII bo‘yicha umumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish ko‘rsatkichi 2019 yilga nisbatan 2,3 foizga o‘sgan. Ishlab chiqarish hajmining o‘sishi barcha Ittifoq davlatlarida kuzatilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA