“Yengilmaslar” jamoasi tumanda g‘olib bo‘ldi
Buxoro viloyati Shofirkon tumani axborot-kutubxona markazida tuman hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida mahalla yoshlari o‘rtasida besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zukko kitobxon” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
– Tadbir yoshlarni milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari Dilorom G‘afforova. – Shuningdek, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida ko‘maklashish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishga ko‘maklashish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otishdan iborat.

Ishtirokchilar 6 nafardan iborat 4 ta jamoaga bo‘lingan holda bahslashdi. Unda 1-sektordan “Jo‘ynav yoshlari”, 2-sektordan “Liderlar”, 3-sektordan “Bilimdonlar”, 4-sektordan “Yengilmaslar” jamoalari o‘zaro bahslashdi.

“Zukko kitobxon” intellektual o‘yini shartlariga asosan guruhlar savollarga javob berdi. Hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan ballar asosida o‘qib eshittirilgan savollarga berilgan javoblar baholandi. 4-sektordan Bobohaydar mahalla fuqarolar yig‘inining “Yengilmaslar” jamoasi 34 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ular endi o‘yinning viloyat bosqichida tuman sharafini himoya qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA