Yengil sanoat – iqtisodiyot tayanchi
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yengil sanoat sohasini iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yengil sanoat sohasini iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirmoqda.Joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatidagi yengil sanoat korxonalarida 14,4 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 9 million dollarlik mahsulot eksport qilingani bunga yaqqol misoldir.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, manzilli dastur doirasida 2013-2015-yillarda vohada 89 million AQSh dollaridan ziyod investitsiya o‘zlashtirilib, o‘n sakkizta yangi yengil sanoat korxonasi tashkil etish va bitta korxonani texnik va texnologik qayta jihozlash ko‘zda tutilgan.
– Xususiy sektorda bunday zamonaviy loyihalarning amalga oshirilishi 7 mingdan ziyod aholining bandlik masalasini hal etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Yiliga 27,7 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 22,5 million pogon metr ip-gazlama, 15 million donadan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari, 10 million juftdan ziyod paypoq va 9 ming tonnaga yaqin trikotaj mato ishlab chiqariladi.
Dastur doirasida 5,5 million dollar miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirilib, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Charog‘on tekstil”, Boysun tumanidagi “Boysun tekstil”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Pokiza-Mashhura” xususiy korxonalarida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Termiz shahridagi “Saodat” savdo-ishlab chiqarish korxonasi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘onneft” aksiyadorlik jamiyati va Sherobod tumanidagi “Oltin tuproq tuhfasi” xususiy korxonalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.
Mutaxassislarning fikricha, vohada yetishtirilgan paxta va pilla quyosh nuriga to‘yingani bois tola sifati yuqori bo‘ladi. Undan tayyorlangan ip-kalavaning o‘ta pishiqligi tayyor mahsulotning jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
Viloyatda sifatli yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning izchil rivojlanayotgani aholi bandligi va uning real daromadlari oshishida muhim o‘rin tutmoqda. 2014-yilning o‘tgan davrida ushbu sohada 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani ham fikrimiz isbotidir.
Dasturga muvofiq, Jarqo‘rg‘on tumanida yiliga 22,5 million pogon metr ip-gazlama ishlab chiqarish quvvatiga ega “Tela Tekstil” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga xorij uskunalari o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazilmoqda. Sariosiyo tumanida “Sho‘rtan neftgaz” unitar sho‘ba korxonasining yiliga 10 million juft paypoq va Sho‘rchi tumanidagi “Mo‘min tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida 3,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish loyihalarida qurilish ishlari davom etayotir.
– Bir paytlar sun’iy tola yoki sintetik aralashmadan tayyorlangan trikotaj buyumlarni xarid qilishga majbur edik, – deydi termizlik Ziyoda Qodirova. – Bu inson salomatligiga zarar ekanini bilsak-da, bozorda sof paxta tolasidan ishlab chiqarilgan kiyim-kechak topishning o‘zi mushkul edi. Endilikda tabiiy paxtadan turli bichim va andozadagi sifatli mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda.
Bularning barchasi mustaqillik sharofati va mamlakatimizda xususiy sektorni izchil rivojlantirish, aholi daromadlari va farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.