YeI Xitoyga bo‘lgan iqtisodiy qaramlikni kamaytirmoqchi
Yevropa Ittifoqi XXRga bo‘lgan iqtisodiy qaramlikni kamaytirish maqsadida yangi qoidalar ustida ish olib bormoqda.
Yangi rejaga ko‘ra, Yevropa kompaniyalari eng muhim butlovchi qismlarni faqat bitta davlatdan emas, balki kamida uchta turli hamkordan sotib olishga majbur bo‘ladi. Mazkur cheklovlar, birinchi navbatda, kimyo sanoati va mashinasozlik sohasidagi korxonalarga taalluqli bo‘ladi. Yangi qonunga muvofiq, kompaniyalar zarur mahsulotlarning faqat 30–40 foizini bitta yetkazib beruvchidan xarid qilishi mumkin.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining savdo komissari Marosh Shefchovich Xitoydan keladigan kimyoviy mahsulotlar va uskunalarga nisbatan yangi bojxona to‘lovlarini joriy etishni taklif qilmoqda. Bundan maqsad — Yevropaning Xitoy bilan savdodagi kunlik 1 milliard yevrolik (1,16 milliard dollar) zararini kamaytirish hamda yevropalik ishlab chiqaruvchilarni Pekinning iqtisodiy bosimidan himoya qilishdir.
Ma’lumot uchun, o‘tgan oyda Marosh Shefchovich AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan muhim foydali qazilmalarni xavfsiz yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Ushbu kelishuv ham yuqori texnologiyalar bozorida Xitoyning ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Nashrning yozishicha, mazkur yangi reja joriy yilning 29-may kuni Yevropa Komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi va iyun oyi oxirida YeI rahbarlari tomonidan rasman ma’qullanishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA