YeI sammiti: sanksiyalar muhokamasida qarama-qarshilik (+video)
Yevropa Ittifoqi sammitida Vengriya va Slovakiya davlatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Unda energiya sohasida yangi cheklovlar haqida gap boradi.
Bryusseldagi YeI sammitiga kelgan delegatlar RFga qarshi yangi sanksiyalar paketini muhokama qilishdi. Qiziq jihati, Germaniya kansleri Fridrix Mersning fikrlari Yevropa Ittifoqining iqtisodiyotiga oidligi bilan ajralib turdi.
– Men Yevrokomissiyaning Qo‘shma Shtatlar bilan tezda savdo kelishuviga erishish tarafdoriman, - dedi u o‘z nutqida.
Ayrim ekspertlar Mersning “Yevropa yana harakat sahnasiga aylanishi kerak” degan iborasini Donald Trampning Amerikaning avvalgi shon-shuhratini tiklashga va’da bergan shioriga qiyoslamoqda.
Yig‘inda Yevropa Ittifoqining aksariyat o‘lkalari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Slovakiya va Vengriya vakillari hozircha bunga tayyor emasliklarini ma’lum qilishdi.
Xabarlarda yozilishicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning Yevropa integratsiyasiga qarshi ekanini aytgan.
– Yevropaga integratsiyalashuv masalasida Vengriyani chetlab o‘tib bo‘lmaydi, - degan u. – Bu masalada yakdillik kerak, agar birlik bo‘lmasa, unda integratsiyalashuv ham bo‘lmaydi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxof va Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo Slovakiya va Vengriya bilan murosaga kelish mumkinligini ta’kidlashgan.
Shuningdek, Bryussel yig‘ilishi kun tartibiga Yaqin Sharqdagi vaziyat ham kiritilgan. Ayrim davlatlar Isroil bilan muloqotni kuchaytirishga intilmoqda.
Irlandiya bosh vaziri Mixol Martinning aytishicha, YeI G‘azodagi ziddiyatni to‘xtata olmayotgani, bolalar va begunoh fuqarolarning o‘ldirilishiga barham berish uchun Isroilga bosim o‘tkaza olmayotgani mutlaqo tushunarsizdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/f9dtPOwznBc?si=R_okNA0il47i2rpR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K. Bekjonov, O‘zA