YeI bayrog‘i Vengriya parlamenti binosida 12 yildan so‘ng yana paydo bo‘ladi
Yevropa Ittifoqi bayrog‘i yana bir bor Vengriya parlamenti binosi peshtoqida hilpiray boshlaydi, deb e’lon qildi ushbu mamlakatning yangi Bosh vaziri Peter Madyar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI bayrog‘i Milliy Assambleya sessiyasi ochilishida Vengriya bayrog‘i bilan birga ko‘tariladi.
YeI bayrog‘i parlament binosi peshtoqida oxirgi marta 2014-yil ko‘ringan edi. Hatto, 2024-yil – mamlakat Ittifoq Kengashiga raislik qilgan davrda ham bu fikr hech kimning xayoliga kelmagan. Bunga rasmiylar majburiy talab yo‘qligini ro‘kach qilib kelgan.
Vengriya yangi parlamentining ilk sessiyasi 9-mayga belgilangan. O‘sha kuni Madyar Bosh vazir lavozimini rasman egallaydi.
S.Rahimov, O‘zA