Yaxshilikning chegarasi bo‘lmaydi
Munosabat
Bolalar uyi. Aslida Ikkinchi jahon urushi yillarida diyorimizda fashizm qirg‘inidan jabr ko‘rgan hamda sobiq saltanatning turli burchaklaridankelib yurtimizda boshpana topgan bolalar uchun tashkil etilgan maskan. Urush tugaganiga yetmish olti yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Mehribonlik uyi atalmish bu maskanlar faoliyat ko‘rsatayotganining o‘zi juda taassufli holat.
O‘z paytida turli millat va elat vakillarining ota-ona mehridan bebahra qolgan farzandlari bu maskandan rostmana mehr, e’tibor, g‘amxo‘rlik topgani rost. Oradan qancha yillar o‘tdi. Ushbu maskan kimlar uchundir oilaviy muhit o‘rnini bosuvchi go‘shaga aylandi. Yana kimdir bu yerdan yetarli e’tibor topdimi, yo‘qmi, bunisiga aniq javob berish mushkul. Sababi, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ta’lim olishi, jamiyatga integratsiyalashuvi, uy-joy, hayotda zarur bo‘ladigan kasb-kor bilan ta’minlanishida ko‘plab muammolar imkon qadar hal etilsa-da, to‘planib qolgan masalalar ham o‘ziga yarasha edi. Bu jihatlar Mehribonlik uyida tarbiya topgan o‘quvchilarni kelgusida tayinli uy-joy bilan ta’minlashda, ular salomatligini asrashda, ta’limning kelgusi bosqichlari bilan qamrab olishda, mehnat bozorida ehtiyoj katta bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hamda ish bilan ta’minlashda, eng asosiysi, bu maskanlar o‘g‘il-qizlarga haqiqiy mehr ko‘rsatishda o‘zining og‘riqli izlarini qoldirgani rost.
Mamlakatimizda bolalar uchun tashkil etiladigan har qanday tadbirlar, ijodiy loyihalarda Mehribonlik uylarining ham tarbiyalanuvchilari faol qatnashadi. Biroq tadbiru bayramlar har qancha zavqli, quvnoq, yuksak saviyada tashkil etilmasin, bu maskanning bolalari yuz-ko‘zida hamisha g‘amgin qiyofa zohir. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining nigohiga muhrlanib qolgan mung, nazarimda, ota-ona e’tiboridan benasiblik, katta hayot oldidagi noaniqliklar, mavhumliklar, qiyinchiliklarni avvaldan his eta olishdek jihatlar bilan bevosita bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Insof bilan aytganda, Mehribonlik uylarining ahvoli butkul o‘z holiga tashlab qo‘yilgan edi, desak to‘g‘ri bo‘lmas. Qilgan saxovatini elga jar solishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan himmatli hamyurtlarimiz, mas’ul tashkilotlar bir chekkada qarab turgani yo‘q. Biroq bu sohaga e’tibor bugungi shiddatli davr, tobora yangilanib borayotgan hayotimizdagi o‘zgarishlar shiddatiga javob bermasligini zamonning o‘zi ko‘rsatdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilgani, ayniqsa, keyingi besh yillar davomida bu sohada keng qamrovli o‘zgarishlar yuz berayotgani nufuzli anjumanlarda, xorijiy nashrlarda jahon olimlari, ekspertlari, mutaxasislar, xalqaro tashkilotlar, qolaversa, davlat rahbarlari tomonidan doimiy e’tirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining hech kim kutmagan tarzda ixtisoslashtirilgan tibbiyot maskanlari, jamiyat ko‘zidan nari bo‘lgan kasalxonalar, qarovsiz qolgan nuroniylar uchun mo‘ljallangan maskanlar va boshqa faoliyati e’tibortalab bo‘lgan ijtimoiy ob’ektlarga tashrifi aholining turli qatlamlariga oid muammolarni ildizidan o‘rganish, tahlil etish, ularni keng jamoatchilik, mutasaddi tashkilotlar e’tiboriga havola etish, kamchiliklarga amaliy yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
bugungi murakkab va og‘ir pandemiya sharoitida ko‘pchilik o‘zi bilan o‘zi andarmon bo‘lib qolgan bir paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zining qator takliflari asosida Toshkentdagi Mehribonlik uylariga tashrifi, bu maskanlarning mamlakatimizdagi yetakchi tuzilmalar, vazirlik va idoralarga otaliqqa berilishi, tarbiyalanuvchilarning ta’lim olishi, umuman, kelgusidagi hayoti bilan bog‘liq savobli tashabbuslar, xayrli rejalar yurtimizdagi xalqparvar siyosatning yana bir ko‘rinishidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA