Yashnobod tumanida zamonaviy bog‘ barpo etildi
Yangi – 2022 yil kirib kelishiga sanoqli kun qoldi. Shu qisqa muddatda hamyurtlarimiz Yangi yilni mazmunli kutib olish maqsadida qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Kimdir bayramona dasturxon tuzash payida bo‘lsa, yana kimdir yaqinlariga sovg‘a ulashishni allaqachon boshlab yuborgan.
Yangi yil quvonchi tashkilotlar faoliyatida ham muhim o‘rin egallaydi. Ular xalqimizga xizmat qilish barobarida, aholiga sovg‘alar ulashish, ko‘mak berish yoki ular koriga yaraydigan inshootlarni barpo etishdek ishlarga ham bosh-qosh bo‘ladi.

Energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Elmira Bekmurodovaning ma’lum qilishicha, Yangi yil bayrami arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Energetika vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod tumani «Alimkent» ko‘chasi hududida zamonaviy bog‘ barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
– Zamonaviy yashil maskanning umumiy maydoni 1,5 gektar bo‘lib, uning tarkibiga elektron kutubxona, Wi-Fi hududlari bilan jihozlangan ko‘kalamzorlashtirilgan alleya, vorkaut hududi va avtoturargoh kirgan. Bog‘ hududi ikkita zamonaviy monitor, 40 ta o‘rindiq, musiqali ovoz kuchaytirgich vositalari bilan jihozlangan. Ahamiyatli jihati, elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida quyoshdan quvvatlanuvchi 80 ta yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Loyiha doirasida atrof-muhit tozaligini asrash, aholi uchun ekologik shinam sharoit yaratish maqsadida hududda 5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, – dedi Elmira Bekmurodova.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA