Yashil maydonda mahalla bolalari
Mahalla bolalar futbol jamoalari o‘rtasidagi “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy turnirining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla bolalar futbol jamoalari o‘rtasidagi “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy turnirining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada tuman bosqichlarida saralangan o‘ttiz uch jamoa bahslashdi.
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida jismoniy tarbiya va sport millionlab o‘g‘il-qizlar turmush tarzining ajralmas qismiga aylandi. Bu ularning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur turnirdan maqsad mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida futbolni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Musobaqa uch yosh toifasida – 9-10, 11-12 va 13-14 yoshli o‘g‘il bolalardan iborat jamoalar o‘rtasida o‘tkazildi.
9-10 yoshli futbolchilar o‘rtasida Shayxontohur tumanidagi Oqtepa mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Bektemir tumanidagi Rohat va Uchtepa tumanidagi Beshqo‘rg‘on mahallalari jamoalari keyingi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
11-12 yoshli futbolchilar musobaqasida Chilonzor tumanining 2-Katta Chilonzor mahallasi futbolchilariga teng keladigan topilmadi. Yakkasaroy tumani Muqimiy nomidagi mahalla yoshlari ikkinchi, Shayxontohur tumanidagi Beltepa mahallasi bolalari uchinchi o‘rin bilan taqdirlandi.
13-14 yoshli futbolchilar o‘rtasida Beshqo‘rg‘on mahallasi yoshlari oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sergeli tumani Xonobod mahallasi bolalari ikkinchi, Chilonzor tumani Olmazor mahalasi futbolchilari uchinchi bo‘ldi.