“Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda
Jizzax viloyatidagi barcha sud, prokuratura, ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi kuzgi ko‘chat ekish ishlarida faol qatnashmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – yashil makon hududida birgalikda yashaymiz!” g‘oyasi ostida Jizzax viloyatining barcha sudlari, sudya va sud xodimlari ishtirokida viloyat, shahar va tuman sudlari binolari atrofiga, shu jumladan, viloyat sudining yangidan qurilgan binosi hovlisiga iqlimga mos 100 tup manzarali archa ko‘chati o‘tqazildi.


Shuningdek, sudlar tomonidan mahallalardagi kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning yashash xonadonlariga ham 50 tupga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingandan so‘ng mamlakatimizda ko‘chat ekish hududlari tobora kengayib bormoqda. Ushbu jarayonga Bosh prokuratura xodimlari ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib, kuzgi ko‘chat ekish mavsumida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov boshchiligida Jizzax shahar prokuraturasi, Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi xodimlari “O‘rda” ekologik bog‘i hududiga mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazish ishlarida qatnashdi.

Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hududida ko‘chat ekish mavsumida 540 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan. Ushbu rejani bajarishda Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda. Tuman IIB xodimlari tomonidan 4R-38 yo‘l oralig‘idagi 2 gektarlik maydonga bugungi kunga qadar ming tupdan ziyod turli manzarali ko‘chatlar ekildi.
Viloyatning boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari ham kuzgi ko‘chat ekish mavsumida faollik ko‘rsatmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari