“Yashil makon”: “Shifokorlar bog‘i” barpo etilmoqda
Buxoro viloyati hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati, bosh mutaxassislar, davolash-profilaktika muassasalari mas’ul mutasaddilari, ixtisoslashtirilgan markazlar direktorlari hamda bosh hamshiralari ishtirokida “Yashil makon” loyihasi doirasida Buxoro shahridagi “A.Sifatmuniy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan qariyb bir gektar maydonda “Shifokorlar bog‘i”ni barpo etishga kirishildi. Xalqimizning qadimiy an’ana va urf-odatlariga binoan daraxt o‘tqazish tadbiri nuroniylarning duolari bilan boshlandi.
– Bog‘bonlar tavsiyasiga muvofiq, bog‘ uchun mahalliy iqlim sharoitida baravj o‘sib rivojlanadigan sadaqayrag‘och, mojjevelnik, katalpa kabi manzarali daraxt ko‘chatlari saralandi, – deydi viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi jamoatchilik bilan ishlash shu’basi rahbari Ma’muraxon Safoyeva. – Yaxshi bilamizki, serquyosh zaminimizda daraxt o‘stirish, bog‘ barpo qilishning ham o‘ziga xos murakkabliklari bor. Shu bois ko‘kalamzorlashtirilayotgan hududda o‘tqazilayotgan ko‘chatlar parvarishi uchun viloyat qon quyish stansiyasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarining viloyat filiallari jamoalari mas’ul sifatida biriktirildi. Endi bog‘dagi har bir nihol agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi.



Ma’lumot uchun: ayni kunda “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol qatnashayotgan viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari xodimlari tomonidan shahar va tumanlarda 114 ming tupga yaqin manzarali hamda mevali daraxt ko‘chati, viloyat markazidagi “Shifokorlar bog‘i”da esa bir kunda 200 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.


Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari