“Yashil makon” loyihasi davom etmoqda
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi doirasida so‘nggi o‘n ikki oy davomida Namangan viloyatida olib borilgan izchil sa’y-harakatlar bugungi kunga kelib, o‘zining yorqin samarasini berayotganligi quvonarlidir.
Xususan, “Yashil makon” asosida Namangan muhandislik-texnologiya institutida keng ko‘lamdagi ishlar qilinib, oliy o‘quv yurti atrofidagi gulzorlar, bog‘lar va bir qator manzillar ko‘klamzorlashtirildi, turli navdagi ko‘chatlar ekilmoqda. Bundan roppa rosa bir yil avval ham institutda xayrli loyiha davomida ko‘plab manzarali daraxtlar ekilgan edi. Bugun institut hovlisidagi ushbu daraxtlar go‘zal qiyofaga kirib, anvoyi gulladi. O‘z chiroyini ko‘rsatayotgan ushbu daraxtlarni ko‘rib, kayfiyatingiz ko‘tarilishi shubhasiz. Bu eng avvalo, NamMTIda “Yashil makon” umummilliy loyihasi chin ma’noda o‘z samarasini ko‘rsatganligidan dalolat beradi.


Darvoqe, oliygohda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan yili loyiha doirasida 10 ming 400 tup gul va daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, joriy yilda qariyb 22 ming turdan ortiq gul va daraxt ko‘chatlari institut atrofiga o‘tqazildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA