“Yashil makon” keng quloch yoymoqda
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi atrof-muhitni muhofaza qilish, ayniqsa, yo‘qolib borayotgan o‘rmonlarni tiklash, daraxtlar va o‘simliklar sonini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi.
Ana shu tufayli Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida bo‘lgani kabi Sayxunobod tumanida ham chor-atrofni yashillikka burkash, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish ishlari tobora keng quloch yoymoqda.
– O‘tgan yili kuz oyida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tuman hududiga 1 million 200 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazgan bo‘lsak, joriy yil bahor mavsumida 1 million 70 ming tup daraxt ko‘chatlarini ekish rejasi bor. Ammo biz amalda 2 million tup terak, 1 million tup mevali daraxt ko‘chatlarini ekmoqchimiz, – deydi tuman hokimi Komiljon Mullajonov. – Bunga esa yetarlicha imkoniyatimiz bor. Chunki kuz mavsumida 2 gektar yerda ko‘chatxona tashkil etib, 2 million dona terak qalamchalarini ekkan bo‘lsak, bu yil Nurobod mahallasida 2 gektar, Yangi hayot mahallasida 7 gektar, Ittifoq mahallasida 7 gektar yer maydonida ko‘chatxona barpo etib, unga to‘lig‘icha terak qalamchalarini ektirdik. Bu esa sanoatbop terak ko‘chatlariga bo‘lgan ichki talabni to‘lig‘icha qoplash, ortiqchasini esa qo‘shni tumanlarga yetkazib berish imkonini beradi.
Bu boradagi ishlar tumanda uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Unda nafaqat davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, yoshlar, aholi vakillari faol ishtirok etib, o‘z yashash hududlarini bog‘-roqqa, yashillikka burkangan, go‘zal manzilgohlardan biriga aylantirish ustida ish olib borishmoqda.
– Ittifoq mahallasi tumanimiz ostonasi hisoblanadi. Shu ostonani obod va go‘zal manzillardan biriga aylantirish maqsadida 7 gektar yerda ko‘chatxona barpo etgan bo‘lsak, 2 gektar yerda "Prokuror bog‘i"ni va “Hokimlik bog‘i”ni barpo etib, unga olma, olcha, olxo‘ri kabi mevali ko‘chatlarni qadadik. Bundan tashqari, har bitta dala chetiga olcha nihollarini ektiryapmiz. Chunki olcha va olxo‘ri mevalari ichki bozorda bo‘lgani kabi jahon bozorida ham xaridorgir hisoblanadi. Bu masalalar inobatga olinib, mahalliy investorlar bilan kelishgan holda mahsulotlarni saqlash, eksportga yo‘naltirish maqsadida muzlatkich va saqlash xonalarini tashkil etish borasida ish olib boryapmiz. Shu o‘rinda yana bir gap, million tup ko‘chat ekkan bilan unga qarov bo‘lmasa, natija bermaydi. Bu masala ham inobatga olinib, har bir ekilayotgan ko‘chatning avvaliga suvini, so‘ng egasini hal etib, keyin daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ishiga ahamiyat qaratyapmiz, – deydi tuman hokimi.
Davlatimiz rahbarining Sayxunobod tumaniga tashrifi davomida bergan topshirig‘i asosida yashil hududlarni barpo etish, foydalanilmagan tomorqalardan samarali foydalanish borasida aniq reja asosida ish olib borilyapti. Misol uchun, o‘tgan 2024 yilga qadar tuman hududida 17 mingta tomorqa bo‘lgan bo‘lsa, shundan 12 mingtasidan samarasiz foydalanib kelingan. Bunga esa, suv ta’minoti bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan. Bu boradagi masala ham o‘z yechimini topdi.
“Og‘ir” toifaga kiritilgan 6 ta mahallani bu toifadan chiqarish, suv ta’minotini yaxshilash borasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, unga asosan ariqlar betonlashtirildi, suv yetib bormaydigan hududlarda tik quduq qazish, nasos o‘rnatib, suv chiqarish ishlari olib borilib, ro‘zg‘orbop va bozorbop ekin turlarini ekish yo‘lga qo‘yildi.
Ilgari Sayxunobodda qulupnaychilik bilan shug‘ullanadigan tomorqa xo‘jaliklari bitta ham bo‘lmagan bo‘lsa, endilikda ular soni 30 dan, limonchilik bilan shug‘ullanadigan oilaviy xo‘jaliklar 100 dan, gulchilik bilan shug‘ullanadigan xo‘jaliklar 60 dan oshib ketdi. Eng muhimi, sayxunobodliklarning yerga nisbatan munosabati o‘zgardi.
– Aholining daromadini oshirish va ishsiz aholining bandligini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili 19 mahallada 834 ta issiqxona tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida yana 300 ta issiqxona barpo qilindi. Yil yakuniga qadar ular sonini 3000 taga yetkazmoqchimiz, – deya so‘zini davom ettiradi Komiljon Mullajonov. – Hozir bu borada katta ishlar olib borilmoqda. Mahalla va sektorlar rahbarlari, banklar asosan ushbu faoliyat turini rivojlantirishga, aholining bandligini ta’minlab, ularning daromadini oshirishga bor e’tiborini qaratishgan.
[gallery-22627]
Sayxunobod tumanida tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni sotadigan bozor yo‘q edi. Bu muammo ham o‘z yechimini topdi. Afg‘onlik investor mevani qayta ishlaydigan korxona qurishni boshlagan bo‘lsa, tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotni xarid qiladigan va eksportga yo‘naltiradigan korxonalar tashkil etildi.
Davlat granti hisobidan aholi tomorqasida oshqovoq yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Joriy yilda esa bolgar qalampirini yetishtirish va uni eksportga yo‘naltirish ustida ish olib borilmoqda. Maqsad aholining daromadini oshirish va farovonligini ta’minlashdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri